AOKA sudda jurnalistlar ishtirokini ta’minlash uchun kurash boshladi

AOKA sudda jurnalistlar ishtirokini ta’minlash uchun kurash boshladi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA) rahbariyat almashgach, jurnalistlarning sudda ishtirokini ta’minlash yo‘lida kurashga kirishgan.

Gap nimada?

Bugun Oliy sud binosida "Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida"gi plenum qarori loyihasi muhokama qilingan (suratda).

Loyihada jurnalistlarning ochiq sud majlislarida erkin qatnashishi va axborot olishlari, buning uchun sudlar zarur sharoit yaratishi kerakligi belgilangan. Shuningdek, ish yopiq muhokama qilinishi haqidagi ma’lumot hamma uchun ochiq bo‘lishi, yopiq sud o‘tkazishning asoslari aniq ko‘rsatilishi kabi me’yorlar bir ovozdan ma’qullangan.

Audio va videoyozuv

Jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ochiq sud prosessini foto, videotasvir va audioga yozib olishga faqat sudya ruxsati bilan yo‘l qo‘yilishi belgilangan. OAV vakillari stenogramma va yozma qaydlar bilan kifoyalanishi aytilgan.

Ammo AOKA bunga qarshi chiqqan va o‘z takliflarini bildirgan. Xususan, jurnalist sud davomida yozib ulgurmasligi va noto‘g‘ri xabar tarqatib qo‘yish ehtimoli inobatga olinib, audioyozuvdan foydalanish taklif qilingan.

Background

Hozirgi kunda OAV vakillarining sudda ishtiroki juda qiyin jarayon hisoblanadi. Buni 2019 yilda jurnalist Tursunali Akbarovga nisbatan muvaffaqiyatsiz (https://t.me/ZnewsZ/1909) da’vo arizasi yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisidan ham bilish mumkin.

Yoki boshqa misol keltiraylik. Masalan, 2019 yil 5 fevral kuni Xalqaro islom akademiyasi hududida hijobni taqiqlash (https://t.me/niyozov_news/360) ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgan, ammo jurnalistlarni kiritishmagan.

Yoki Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sardor Sodiqov poytaxtdagi bozorlar rahbarlari ishi bo‘yicha majlis boshlanishidan oldin "Gazeta.uz" muxbiri Shuhrat Latipovni sud zalidan chetlashtirgandi. 15 iyulda ham shu sayt xodimi yana sud zaliga kiritilmagan.

Shuningdek, kecha Qalampir.uz sayti muxbirlari jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudiga kiritilmagan, sababi noma’lum.

AOKA jurnalistlarning sud majlislarida ishtirokini ta’minlashiga doir huquqiy hujjat loyihasini 2019 yil 1 aprelgacha ishlab chiqishi kerak edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!