AOKA Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq vaziyat haqida: "Bu — davlat siyosati va jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarga mutlaqo ziddir"

AOKA Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq vaziyat haqida: "Bu — davlat siyosati va jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarga mutlaqo ziddir"

Oxirgi soatlarda ko‘plab yurtdoshlarimiz, jurnalist va blogerlarimiz internetda tarqalgan, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv yuzasidan izoh berishimizni so‘rab murojaat qilishmoqda.

Shuni ma’lum qilamanki, biz vaziyatdan xabardormiz va bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda. To‘plangan barcha ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Bosh prokuraturaga murojaat xati yuboriladi va ularning xulosalari asosida muayayn to‘xtamga kelinadi.

Ishonamizki, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan mazkur davlat organlari tomonidan ushbu masalaga munosib huquqiy baho beriladi.

Jurnalist va blogerlarimizdan vaziyatga huquqiy baho berilgunga qadar hissiyotlarga berilmaslik, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslikni so‘raymiz.

Ta’kidlashni istar edimki, kim tomonidan ekanidan qat’i nazar, to‘rtinchi hokimiyat — jurnalistlar haqida aytilgan bunday fikrlar o‘ta yoqimsiz holat va bunga jim qarab turish mumkin emas. Bu — davlat siyosati va jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarga mutlaqo ziddir. 

Biz o‘z pozisiyamizda qat’iymiz — yurtimizdagi barcha jurnalist va blogerlar Agentligimiz himoyasida. Ularning huquqlari buzilgani o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, albatta tegishli choralar ko‘riladi.

Hikmatilla Ubaydullayev, 
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Axborot xizmati rahbari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!