Andijonda sud fuqaro foydasiga 136 million so‘m tovon puli undirish haqida qaror qabul qildi

Andijonda sud fuqaro foydasiga 136 million so‘m tovon puli undirish haqida qaror qabul qildi

Andijonlik B.S. bundan o‘n ikki yil avval viloyat markazidagi dehqon bozori hududida auksion oldi-sotdi shartnomasi asosida savdo do‘koni egasiga aylangandi. Yetti yil faoliyat ko‘rsatgan do‘kon mahalliy hokimlikning 2017 yildagi tegishli qaroriga ko‘ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladi. To‘g‘ri, do‘kon buzilishidan oldin tadbirkor hamda shahar hokimligi o‘rtasida tovon turi bo‘yicha kelishuv shartnomasi tuzilgan, xususan, do‘kon sohibiga shahar hududidan uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq bu orada hokimlardan yer uchastkasi ajratish vakolati olib qo‘yilgani bois yuqorida tilga olingan kelishuv bajarilmay qoldi. Xullas, vaziyat o‘zgargach, tadbirkor qanday yo‘l tutdi?

Eng avval Andijon shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi. Bo‘lim mutaxassislari holatni o‘rganib, hujjatlar bilan tanishgach, B.S.ning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga 136 million 799 ming 44 so‘m kompensasiya undirishni so‘rab da’vo ariza kiritdi.

Bu raqam qayerdan paydo bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Yuqorida tilga olingan kelishuvga ko‘ra, hokimlik tadbirkorga shahar hududidan yer uchastkasini berish majburiyatini olganligi ta’kidlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, kelishuvda nazarda tutilgan yer uchastkasining bahosi 134 million 558 ming 44 so‘mni tashkil etishi aniqlangan. Baholatish xarajatlari uchun 2 million 241 ming so‘m sarf etilgan. Shundan kelib chiqib, ushbu miqdordagi mablag‘larni undirish so‘ralgan.

Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga ko‘ra, davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunlarda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk beriladi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi.

Xullas, sud taraflar o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartlarini bajarishning imkoniyati vaziyat o‘zgarganligi uchun yo‘qolganligi sababli unda nazarda tutilgan majburiyatning bahosini da’vogarga undirish haqidagi xulosaga keldi. Endilikda tadbirkorga ushbu mablag‘ undirib beriladi.

Iqboljon Azizov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!