Andijonda kuniga 10 soat "svet" yonmayotgani rostmi?

Andijonda kuniga 10 soat "svet" yonmayotgani rostmi?

Andijon tumanining «Yorqin hayot» mahallasida yashovchi aholi Parlament saylovlari va Yangi yil bayrami o‘tgach, 2020 yil 10 yanvardan boshlab elektr energiyasida uzilishlar ko‘payganidan shikoyat qilmoqda. «Daryo» muxbiri Andijon viloyatiga qarashli shahar va tumanlardagi elektr ta’minotidagi uzilishlariga e’tibor qaratdi.

— Bir necha yildan buyon «svet» o‘chishi bo‘yicha turli tashkilotlarga murojaat qilaverib, charchagandik. 2019 yilning dekabr oyidagi saylov munosabati bilan qolaversa, Yangi yil bayrami arafasida uzluksiz tok berishdi. Bundan xursand bo‘lib, chin ko‘ngildan rahbarlar haqqiga duo qildik. Biroq bu quvonchimiz uzoqqa yetmadi. 10 yanvardan yana elektr energiyasidagi uzilishlar boshlandi», – deyiladi Andijon tuman «O‘rikzor» mahalla fuqarolar yig‘inidagi «Yorqin hayot» ko‘chasida yashovchi aholi tomonidan yo‘llangan murojaatda.

Hudud aholisining shikoyat qilishicha, elektr ta’minotidagi uzilishlar sababi aniq aytilmaydi.

— Tuman elektr korxonasi navbatchilariga qo‘ng‘iroq qilsak, ‘viloyatdan cheklov qil, deb buyruq bo‘lyapti’ deyishadi. Viloyatga aloqaga chiqsak, aniq javob aytishmaydi. Goh ‘avariya bo‘ldi’, gohida ‘bloklar ko‘tarmayapti’ degan turli vajlar keltirishadi, — deydi shu mahallada yashovchi Hamidullo Mamadaliyev.

«Daryo» muxbiri bilan suhbatlashganlarning aytishicha, elektr tokidagi uzilishlar maktab yoshidagi bolalarning dars tayyorlashiga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.

— O‘chirsin. Faqat ertalab ishga ketayotganda yoki kechki payt ishdan qaytganda emas, kunduz kuni elektr tokiga ehtiyoj kam bo‘lgan payt uzsin, — deydi Usmonjon Yusupov. — Axir ertalab nonushta qilishga, ishdan qaytganda esa kechki ovqat yeyishga imkon bo‘lishi kerak-ku. Biz-ku mayli, farzandlarimiz ham dars tayyorlash uchun «svet» yonishini kutib, aksariyat hollarda uxlab qolyapti.

Murojaatchilarning ta’kidlashicha, mahalladagi barcha xonadonlarga 100 foiz yangi hisoblagichlar o‘rnatilgan.

Mahalla faoli Bahodir Muhammadiyevning aytishicha «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyatidan doimiy ravishda quyidagi mazmundagi javoblar keladi.

Foto: Bahodir Muhammadiyev

«Sizning murojaatingiz bo‘yicha Andijon tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimi siz bilan telefon orqali bog‘lanib, elektr energiyasi bo‘yicha muammolaringizni o‘rgandi. «Yorqin hayot» ko‘chasi «NS-Kamolot» fider «Istiqlol» 530-sonli transformator punktidan elektr energiya bilan ta’minlanadi. O‘rganish jarayonida elektr energiyasi nosozliklar tufayli o‘chib qolganligi aniqlandi va sizga tushuntirib o‘tildi. Shu sababli Andijon TETK xodimlari tomonidan elektr simlari daraxtlardan tozalandi va siz yashab turgan hudud elektr energiyasi bilan ta’minlandi».

Mutasaddilarning javob xatlaridan ma’lum bo‘lishicha, hududda yildan yilga aholi va sanoat ishlab chiqarish ob’ektlari ko‘paygan. O‘tgan yili shu kunlarda viloyat 11 million kVt elektr energiyasi iste’mol qilgan bo‘lsa, bugungi kunda sarflanish 13 million kVtdan o‘tmoqda. Joylardagi uzilishlar «Andijon tuman elektr ta’minoti» korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan va Andijon tuman hokimligi bilan kelishilgan holda elektr energiya miqdori belgilangan limitdan ortiqcha iste’mol qilingan hamda o‘ta yuklamali vaqtlarda 110/35/10 kV kuchlanishli «Kamolot» nimstansiya, ya’ni markazdan cheklov jadvaliga asosan amalga oshirilmoqda.

«Har gal shunday javoblar beriladi, — deydi Bahodir Muhammadiyev. — Biroq shahar hududiga qarovchi ko‘chaning narigi tomonida umuman «svet» o‘chmaydi. Nima ular uchun limit belgilanmaydimi yoki limiti shunchalik ko‘pmi? Achinarlisi, murojaat davomida shu kabi so‘zlarni aytganimizdan keyin vaziyat yaxshilanadi va hech qancha o‘tmasdan yana eski holatga qaytadi.

«Mahallamiz hududida birorta ham ishlab chiqarish korxonasi yo‘q. Ammo elektr ta’minotidagilar sizlardagi korxonalar ishlayotgani bois transformatorlar qizib ketmoqda, deyishadi, — deydi Kozimjon Xalilov. – Qiziq, unda nega saylov va yangi yil o‘tib bo‘lguncha o‘chirishmasa ham qizib ketmadi? Bu gaplarni eshitib kulgingiz keladi. Ishonarli bahona topishsa bo‘ladi-ku. Yo‘q aldashdan to‘xtashmaydi. Yana bahonalari ichida qarzdorlik haqida gapirishadi. Odamlar MIBchilar kelsa tokimni uzib ketadi deb ortig‘i bilan to‘lab qo‘ygan. Davlat tashkilotlarida ishlaydiganlardan ushlab qolishadi. Qarzdorlarning asosiy qismi amaldorlar ekanligini bilamiz, Afsuski, kattakonlarga ularning million-million qarzi bo‘lsa ham hech kim «g‘ing» demaydi. Qo‘rqadi-da...

"Daryo"ga murojaat qilgan Jalaquduq, Asaka, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa va boshqa tumanlarda yashovchi fuqarolar ham har kuni 7-8 soatlab davom etayotgan elektr uzulishlaridan norozilik bildirgan. Qo‘rg‘ontepa tumaniga qarashli Qorasuv shahri «Mustaqillik» mahallasida yashovchi murojaatchining aytishicha, 10 yanvardan buyon har ikki soatda tok o‘chadi. Ikki-uch soat yoqishmaydi. 16 yanvar kuni tongi soat 5:00 da o‘chgan elektr toki 7:00 da yongan. Bu kabi holatlar 10 dan 12 gacha, 13 dan 15 gacha, 15:30 dan 20:30 gacha takrorlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, haqiqatan ham kunlik uzilishlar 10 soatga yetmoqda.

Jalaquduqliklarning ma’lum qilishicha 16 yanvar kuni elektrdagi uzilishlar 7 marotabaga yetgan, 10 soatdan ham ortib ketgan.

Shahrixon tumanidagi Do‘rmon, Ortish va Xo‘jaobod mahallalarida 3 kundan beri elektrdagi uzilishlar soni kuniga 4-5 martagacha yetmoqda, — deydi «Do‘rmon» mahallasida yashovchi o‘zini Jasurbek Mamadaliyev deb tanishtirgan fuqaro. – Elektr ta’minoti korxonasiga qo‘ng‘iroq qilsak ko‘tarmaydi, aksariyat holatlarda umuman tushib bo‘lmaydi. Mana bugun (2020 yil 16 yanvar nazarda tutilgan) ham soat 8;30 larda o‘chgan tok 12:20 larda yondi. Achinarlisi xohlaganda o‘chirishadi, istaganda yoqishadi. Bunaqa holatga chidab bo‘lmayapti. Gaz yoki ko‘mir bilan uyni isitishning imkoni yo‘q. Bu yoqda esa bolalar, yoshi kattalar sovuqdan aziyat chekmoqda.

Viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi dispetcherlik xizmati xodimlari bilan bog‘langanimizda uzilishlar Respublika Energetika vazirligi topshirig‘iga asosan amalga oshirilayotganligini, ular topshiriqni bajaruvchi shaxslar ekanligini bildirishdi. Shunday bo‘lsa-da turli qarshiliklarga qaramay yengil holatda 7-8 soatdan o‘chirilayotganligini ham ta’kidlashdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!