Andijonda IIO xodimlari "zapravka"dagi haydovchiga kuch ishlatdi. Sababi ma’lum

Andijonda IIO xodimlari "zapravka"dagi haydovchiga kuch ishlatdi. Sababi ma’lum

2023 yil 31 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda “IIB xodimlari zapravkada erkakning qo‘liga kishan taqmoqchi bo‘lgani aytilmoqda” sarlavhasi bilan tarqalgan videoxabar yuzasidan Andijon viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Aniqlanishicha, 2023 yil 25 yanvar kuni soat 17:30 larda Izboskan tumani IIB HPB profilaktika katta inspektori kapitan J.Jo‘rayev hamda Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixolog xodimlari Izboskan tumani “Urganji” MFY, “Madaniyat yo‘li” ko‘chasida joylashgan “EKSKALIBUR OIL” nomli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida jamoat tartibini saqlab turgan vaqtlarida, Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro O.O benzin yoqilg‘isini navbatsiz olish maqsadida kirib borib, navbatda turganlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan va fuqarolar o‘rtasida norozilik keltirib chiqargan. Ushbu vaziyatda IIB xodimlari tomonidan fuqaro O.O bilan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan xizmat olib borayotgan xodimlarga qasdan bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatib, jamoat tartibini buzgan.

Mazkur holatda xodimlar O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga asosan ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatishgan. O.O.ga hech qanday tan jarohati yetkazilmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro O.O avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga muntazam ravishda navbatsiz kirmoqchi bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan boshqa navbatda turganlarning ham haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelgan.

Mazkur holat bo‘yicha fuqaro O.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi, 194-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy ko‘rib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudiga yuborilgan.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!