Andijonda bog‘cha mudirasining vafoti ortidan qator jinoyatlar aniqlanmoqda

Andijonda bog‘cha mudirasining vafoti ortidan qator jinoyatlar aniqlanmoqda

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi G. X. yashash xonadonida o‘zini osgani (4 may), voqelik ustiga kelib qolgan yaqinlari uni xushsiz holda kasalxonaga olib borganidan ikki hafta o‘tib (17 may) vafot etgani xabari berilgandi.

Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar tekshirishlar davom etmoqda.

"Xabar.uz"ning Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, tergovga qardar tekshirishlar jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda mudiraning o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq xabarlar ham o‘rganib chiqilmoqda. Xususan, marhuma rahbarlik qilgan maktabgachaga tarbiya muassasasidagi rekonstruksiya ishlari sifatsiz bajarilganligiga oid vajlar ham tekshirildi.

Tegishli mutaxassislar tomonidan qayta nazorat o‘lchovidan o‘tkazilganda «Milano qurilish» MCHJ rahbari Z. R. Maktabgacha ta’lim vazirligi huzuridagi «Infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Andijon viloyati filiali mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, MTTda aslida bajarilmagan 491,2 mln. so‘mlik (qurilish ishlari) go‘yoki bajarilgani haqida hujjatlar soxtalashtirilgani aniqlandi. Bu juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganini anglatadi.

Mazkur holat bo‘yicha «Milano qurilish» MCHJ rahbari Z. R. va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish) 3-qismi «a» bandi, 228-moddasi (Hujjatlarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mudiraning o‘z joniga qasd qilishiga olib kelgan sabablar va ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashga qaratilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!