Andijon shahar Xalq ta’limi sohasidagi ayollarning sirli ro‘yxati (foto)

Andijon shahar Xalq ta’limi sohasidagi ayollarning sirli ro‘yxati (foto)

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi va Andijon viloyat hokimligiga murojaat.

Kuni kecha jurnalist Xurshid Daliyevning telegramdagi "Anjanchafonogramma" kanalida Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limida tasarrufdagi maktablarda ishlovchi 25-35 yoshdagi, turmushga chiqmagan va turmushidan ajragan ayollarning alohida ro‘yxati yuritilishiga oid ma’lumot joylandi. Unda quyidagilar bayon etilgan edi:

“Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tasarrufdagi maktablarda ishlovchi 25-35 yoshdagi, turmushga chiqmagan, turmushdan ajragan, bir so‘z bilan aytganda “boshi ochiq” ayollarning alohida ro‘yxati (ularning tug‘igan kuni, uy manzili, qo‘l telefoni raqami va fotosuratlari bilan) yuritilar ekan.

Qiziq, bu toifadagi ayollarning ro‘yxatini yuritish kimga kerak bo‘ldi ekan, bu ro‘yxat yakunda kimga va nima maqsadda taqdim etilar ekan-a? (Xalq ta’limi bo‘limidagi ishonchli manbaamizning ma’lum qilishicha ro‘yxat shahar hokimligiga taqdim etilarkan va bundan ko‘zlangan maksad ezgulikka yo‘naltirilmaganmish) 

Buni, albatta, surishtirib ko‘ramiz. Bu haqida biror nima bilsangiz, bilganlaringiz bilan bo‘lisharsiz... Juddddda qiziq!!!”

Ko‘p o‘tmay, Andijon shahar hokimligi matbuot xizmatining telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Yangilanayotgan Andijon” nomli kanalida bunga o‘ziga xos munosabat bildirildi. U quyidagicha bayon etiladi (matn aslicha so‘zma-so‘z beriladi).
 

“Mana yana bir tuxmat! Andijon shahar hokimligi matbuot bo‘limi xodimlari shu masala bo‘yicha zudlik bilan surishtiruv ishlarini olib bordi. Oqibatda, xaqiqatdan ham maqolada ko‘rsatilgan ro‘yxat mavjud ekan. Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limi xotin- qizlar qo‘mitasi xodimlari tomonidan tuzilgan bo‘lib, turmushga chiqmagan va oilasidan ajrashgan qizlarga, moddiy-ijtimoiy yordam berish uchun shakllantirilgan ekan. Qolaversa , bunday ruyxat kerakli organlarga xam taqdim etilgan. Nima uchunligi biz uchun qorong‘u! Demak kerak bo‘lgan.

Xabar muallifi "bu ro‘yxat shahar hokimligiga taqdim etilgan" deb tuxmat qilgan. Shahar hokimligida har bir xujjat ro‘yxatdan o‘tadi va saqlanadi. Ammo bunday ro‘yxat xech kimga kerak bo‘lmagani aniqlandi. Xurmatli muallif! Bunday uydirmani yozishdan avval, sizdan iltimos, ozgina surishtiruv olib borsangiz bo‘larkan. Shunda sizga doim ham rost gapirmayotganlariga, kimdandir alamzada bo‘lib o‘ch olmoqchi, zimdan turib g‘alamislik qilmoqchi bo‘lgan insonlar murojaat qilayotganiga amin bo‘lasiz. Va yoki o‘z manfaatlaringizni inson sha’ni va qadr-qiymatidan yuqori qo‘yib (obunachilaringiz sonini ko‘paytirish xisobiga) obro‘ orttirmoqchidirsiz bilishimizcha!

Maqolada nimaga sha’ma qilmoqchi bo‘lyapsiz bilmadik, lekin shahar hokimligida oilali, esi- xushi joyida , o‘zini bosib olgan insonlar ishlaydi! Sha’mangiz bilan ularning nafsoniyatiga tegmang! Qolaversa ro‘yxatdagi qizlarni ham ota-onalari, aka-ukalari bordir. Bizga yosh o‘qituvchi mutaxassislar kerak. Andijonliklarni oriyati kuchli buladi! To‘g‘rimi?”

Hokimlikning munosabatini o‘qib, jumladan shunday ro‘yxat mavjudligi tan olinayotganligini bilib, masalaning mohiyatiga qiziqib qoldik. Rostdan ham bu qanday ro‘yxat o‘zi, nima uchun faqat “boshi ochiq” va 25-35 yoshlar oralig‘idagi ayollar bor unda? 

E’tibor bering, ro‘yxat Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limi xotin- qizlar qo‘mitasi xodimlari tomonidan tuzilgan bo‘lib, turmushga chiqmagan va oilasidan ajrashgan qizlarga, moddiy-ijtimoiy yordam berish uchun shakllantirilgan ekan. Jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan ushbu ro‘yxat bo‘yicha yuzaga kelgan quyidagi savollarga O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi va Andijon viloyat hokimligidan rasmiy javob kutib qolamiz: 
1. Nimaga aynan 25-35 yoshlardagi ayollar, 25 ga to‘lmagan yoki 35 dan oshgan bu kabi toifa ayollar moddiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega emasmi? 
2. Bu ro‘yxat qachondan boshlab va kim (qaysi tashkilot)ning talabi bo‘yicha yuritiladi? 
3. Nima uchun aynan 25-35 yoshlar oralig‘i tanlab olingan? 
4. Bunday ruyxat kerakli organlarga xam taqdim etilgan, deganda aynan qaysi organlar nazarda tutilgan? 
5. Ushbu ro‘yxatdagi ayollarga aynan qanday moddiy-ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan (ko‘rsatiladi)? 
6. Ushbu toifadagi ayollarning ro‘yxati viloyatdagi yana qaysi tashkilotlarda yuritiladi? 
7. Ro‘yxatda muayyan yosh va oilaviy holatning tanlab olinganligi ijtimoiy adolat prinsiplariga zid kelmaydimi, tenglik buzilmaydimi?

 “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasiga ko‘ra ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, mazkur murojaatni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqib, natijasi bo‘yicha taxririyatni xabardor qilishingizni so‘rab qolamiz.

Human.uz tahririyati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!