Amir Temur «Chilustun»da namoz o‘qiganmi?

Amir Temur «Chilustun»da namoz o‘qiganmi?

Sarlavha kimningdir e’tiborini tortishi, boshqa birovning fikrini chalg‘itishi, hatto ayrimlarni ajablantirishi mumkin. Bu savolning javobi ko‘pchilikni befarq qoldirmasa kerak.

Gap Nurota tumaniga ko‘rk berib turgan «Chashma» me’moriy majmuasi va u yerdagi «Chilustun» jome’ masjidi haqida ketmoqda.

Ochig‘i, yurtimizda Nurotaning «Chashma»si haqida bilmagan odam kam topilsa kerak. Afsonalarga boy tabiiy, chuchuk va ko‘plab kasalliklarga shifo, mo‘’jizaviy baliqlari ko‘zni yashnatuvchi tiniq buloq haqida eshitganlar ko‘p. Qolaversa, agar bu yerga kelsangiz, majmuaning paydo bo‘lish tarixi, undagi qadimiy masjid va obidalar, buloq suvining nega shifobaxshligi haqida hikoya qilib berishadi.

«Chashma majmuasi»da joylashgan «Chilustun» jome’ masjidining ilk qad rostlashi X asrga borib taqaladi. Ikkinchi bor XVI asrda va undan keyin 1905-1912 yillarda binoning eski poydevori ustiga qaytadan qurilgan. Masjidining tashqi ko‘rinishi to‘rtburchak shaklda bo‘lib, mehrobi g‘arbiy devorga tutashtirilgan. Uning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundan iboratki, masjidda qadimda ishlatilgan quyosh soatining o‘rni bor va qadimgi aks-sado beruvchi ovoz kuchaytirgichlar keyingi ta’mirlash jarayonida saqlab qolingan.

2009-2010 yillarda jome’ masjidi asl qiyofasini saqlagan holda qayta ta’mirlandi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-2020 yillar davomida «Chashma» majmuasini obodonlashtirish uchun mahalliy byudjet hamda turli vazirlik va idoralar mablag‘laridan jami 8 milliard 231 million so‘m ajratildi, – deydi «Chilustun» jome’ masjidi imom xatibi Otabek Atoyev. – 2018 yil avgust oyidan majmuada keng qamrovli qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanib, «Chilustun» masjidi pol qismidan 1,2 metr tuproq chiqarilib qadimiy shamollatish shaxtasi qayta tiklandi. Masjidning tom qismi va tashqi devorlari to‘liq qayta ta’mirlandi.

Haqiqatan ham, «Chashma» so‘nggi uch yil davomida tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Majmuaga juda yaqin joylashgan 120 dan ziyod xonadon (jami 255 ta oila) qariyb 20 milliard so‘m to‘lab berilgan holda ko‘chirilib, hudud kengaytirildi. Majmuadagi ichki yo‘llar asfaltlashtirildi, zamonaviy tungi yoritkichlar hamda suv o‘zanlari o‘rnatildi. «Panjvaqta», «Chilustun», «Saidato», «Domalla» masjidlari va «Shayx Abul Hasan Nuriy» maqbarasi to‘liq qayta ta’mirlandi. «Nurota» mehmonxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi, majmuaga tutash «Hunarmandlar markazi» bunyod etilmoqda.

Xalq orasida «Chashma» qadimdan ko‘plab mashhur jahongiru fuzalolarni o‘ziga jalb etgani haqidagi hikoyatlar, ayniqsa, «Chilustun»ni buyuk muhaddis Imom Buxoriy, sohibqiron Amir Temur, falakiyotshunos olim va shoh Mirzo Ulug‘bek, ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy ziyorat qilgan va ushbu masjidda namoz o‘qigan, degan rivoyatlar yuradi. Albatta, biz ham bunga ishongimiz keladi, lekin nega ularning aksariyatining tarixiy manbalari o‘rganilmagani mavhum bo‘lib kelmoqda.

Qayd etish joizki, so‘nggi 30 yil davomida Nurota, uning tarixi, «Chashma» majmuasi va qadimiy obidalari haqida o‘nga yaqin risolalar nashr etilgan. Mamlakatimiz tarixi, masjid va obidalar, muqaddas qadamjolar haqidagi ma’lumotlar jamlangan internet saytlarida ham ko‘plab, lekin asosan takror ma’lumotlar joy olgan. Qizig‘i, o‘tmishdagi tarixiy shaxslarning Nurotaga tashrifi haqida rivoyatlar aniq tarixiy manbasi yo‘qligi sababli, faqat rivoyat shaklida tildan tilga, kitobdan kitobga o‘tib kelmoqda.

Yurtimizga, xususan, Nurotaga kelayotgan sayyohlar oqimining ko‘payayotganidan faxrlanasiz. Tarixiy va me’moriy obidalarimizdan hayratga tushgan sayyoh borki, uning tarixi bilan qiziqadi. Ana shunday paytda biz ular haqida aniq tarixiy manbalardagi ma’lumotlar emas, balki xalq orasidagi rivoyatu hikoyatlar bilan chegaralanib qolayotganimiz sir emas. Ma’lum bir majmua yoki obida haqidagi rivoyatlar yaxshi, albatta, hatto ularning ko‘pchiligi ishonarli, shu zaminning farzandlari ularni ayni haqiqat deb ham qabul qiladi. Biroq dunyoni o‘zimizga ishontirmoqchi ekanmiz, barcha ma’lumotlarimizni aniq tarixiy faktlar ustiga qurishimiz, ya’ni, mavjud tarixiy faktni jamoatchilikka aniq ko‘rsatib bera olishimiz kerak.

Nurotaning tarixi, xususan, «Chashma» majmuasi, bu yerdagi tarixiy obidalar, o‘tmishda sodir bo‘lgan ushbu dargohlar bilan bog‘liq voqeyotlar, ulug‘ sarkardalar, mutafakkiru shoirlar, nomi dunyoga mashhur allomalarning bu o‘lkaga tashrifi haqidagi aniq manbalarga asoslangan hujjatli risolaning yo‘qligi sayyohlarga berayotgan ma’lumotlarning rivoyatlargagina asoslanib qolgandek ko‘rsatmoqda.

Maqoladan murod – voha va mamlakatimiz tarixchilari e’tiborini Nurota tarixiga yana bir bor qaratib, uning moziy qa’rida yotgan gavhar sahifalaridagi oltin ma’lumotlarni xalqimizga ulashishga da’vatdan iborat. Zero, hozirgi va kelajak avlod ham, yurtimizga mehr qo‘yayotgan sayyohlar ham ularga juda tashnadir.

 

Bektemir Pirnafasov,

jurnalist.

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!