Amerikada Abdulla Oripov haqida badiiy film suratga olinmoqda

Amerikada Abdulla Oripov haqida badiiy film suratga olinmoqda

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi tomonidan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov haqida badiiy film yaratilmoqda.

Badiiy filmni yaratish g‘oyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, hozirda filmning s’yomka jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Ijodiy guruh O‘zbekistondagi tasvirga olish ishlarini yakunlab, AQShda suratga olish ishlarini davom ettirishmoqda.

— Zamonaviy texnikalar bilan xorijda film suratga olish imkoniyatini yaratib bergani uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu Davlatimiz rahbarining kino sohasiga, kinoijodkorlarga qaratayotgan alohida e’tiboridan dalolat beradi. O‘zbek kinoijodkorlarining Gollivudda o‘z qahramonlari haqida filmlar yaratishini tasavvur qilish qiyin edi, endi esa bu haqiqat. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda yordam va ko‘mak ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga alohida minnatdorchilik bildiraman, – dedi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK rahbari, film ssenariy mualliflaridan biri Furqat Usmonov.

Film rejissyori Muzaffarxon Erkinov Gollivudda filmning qaysi epizodlari suratga olinayotgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi:

— Abdulla Oripov hayotining so‘nggi oylari AQShda o‘tgan. U Texas shtatining Xyuston shahrida yashagan. Shu sabab shoirning qizi Mavluda Oripova xonadonida, shuningdek, shoir sayr qilishni juda yaxshi ko‘rgan Tinch okeani sohillarida epizodlar suratga olyapmiz. Biz bu epizodlarni Gollivudda suratga oldik. Filmda shoirning nabirasi ham o‘z obrazini o‘zi gavdalantirmoqda, — deya sharhlaydi Muzaffarxon Erkinov.

Suratga olish ishlari AQShning Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borilmoqda. Filmda Abdulla Oripovning keksalik davrini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Surxondaryo teatri aktyori Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Xanifa Mustafoyeva rolini esa O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilmoqda. Bundan tashqari kinokartinada "Do‘stlik" ordeni sohibi, shoir Shodmonqul Salom, mahoratli yosh aktrisa Rayhon Asadova va boshqa mahoratli aktyorlarni ham ko‘rish mumkin.

Film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi rejissyor Muzaffarxon Erkinov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov.

Film premyerasi yil yakuniga rejalashtirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!