“Amakivachchamnnig ulush so‘rashi to‘g‘rimi?”

“Amakivachchamnnig ulush so‘rashi to‘g‘rimi?”

— Bundan 25 yil oldin, amakim oilasi bilan tuman markaziga ko‘chib ketgan. Katta hovli dadamga qolgan. Hozirda amakim vafot etgan. Hovli vafot etgan otamning nomida, u yerda onam bilan birga yashaymiz. Hovlining yarmini opamga bo‘lib berganmiz. Yaqinda amakimning o‘g‘li «hovlida otamning haqi bor, shuni menga ajratib berasizlar», dedi. Amakivachchamning haq talashishi to‘g‘rimi?

Ismi sir tutildi.

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi raisi Muqaddas GULAMOVA javob berdi:

— Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga asosan mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.

Shu bilan birga uy-joydan foydalanish huquqi mulk huquqi asosida vujudga keladi. Boshqa fuqarolarning, jumladan mulkdorning oila a’zolarida uy-joydan foydalanish huquqi qonunda belgilangan holatlarda vujudga kelishi mumkin.

Uy-joy kodeksi 32-moddasiga muvofiq, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

Turar joy mulkdorining oila a’zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!