Alimenti bor odam ishga olinmaydimi?

Alimenti bor odam ishga olinmaydimi?

— 3 yilda beri qurilishda ishlayman. Lekin haligacha rasman ishga olinmaganman. Buxgalter «Alimentingiz bor ekan», dedi. Aliment to‘layotganlarni rasman ishga olmaslik to‘g‘rimi?

Ismi sir tutildi.

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha M. Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi Jasur Sirojev javob berdi:
— Mehnat kodeksining 80-moddasiga asosan, ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxs quyidagi hujjatlarni:
— pasport yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatni, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa, — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani;
— mehnat daftarchasini, birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan olgan ma’lumotnomani;
— harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar tegishincha harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
— qonunchilikka muvofiq maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega shaxslargina bajarishi mumkin bo‘lgan ishlarga kirayotganda oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki boshqa tegishli hujjatni taqdim etadi.

Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonunchilikda ko‘rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Agar ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati haqiqiy bo‘lmasa, uni ishga qabul qilish rad etilishi mumkin.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 78-moddasiga asosan, ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagilar ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish deb hisoblanadi:
— ushbu Kodeks 6-moddasining birinchi qismi talablarining buzilishi;
— ish beruvchi tomonidan taklif qilingan shaxslarni ishga qabul qilmaslik;
— ish beruvchi qonunga muvofiq mehnat shartnomasi tuzishi shart bo‘lgan shaxslarni (belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarni; homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarni — tegishincha ularning homiladorligi yoki bolasi borligini vaj qilib) ishga qabul qilmaslik;
— muqaddam sudlangan shaxslarni ishga qabul qilmaslik, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno, yoxud shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik;
— qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollar.

Ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, xodimning talabi bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab, uch kun muddat ichida yozma javob berishi shart. Bu javob ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan bo‘lishi lozim. Asoslantirilgan javob berish haqidagi talablarni qondirishni rad etish xodimning ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi ustidan shikoyat qilishiga to‘siq bo‘lmaydi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, siz tomoningizdan keltirilgan savol bo‘yicha alimentdan qarzdorligi mavjudligi tufayli ishga qabul qilinmaslik, amaldagi qonunchilikka zid ekanligi ma’lum qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!