Al-Misoqni bilasizmi?

Al-Misoqni bilasizmi?

Al-Misoq bu jamiki insonlarning Alloh taologa iymon keltirib bergan va’dasidir. Almisoq Islom shariatida muhim aqida masalalaridan biri hisoblanadi. Imom Tahoviy rahimahulloh aqida matnida shunday yozadi:

“Alloh taoloning Odam va uning zurriyotidan olgan va’dasi haqdir”.

Alloh taolo Qur’oni karimda aytadi: "Robbing Bani Odamning umurtqa pog‘anasidan, qiyomat kuni, bundan g‘ofil edik, demasliklaringiz uchun, zurriyotlarini olib, o‘zlariga o‘zlarini guvoh qilib: «Robbingiz emasmanmi?» deganida «Xuddi shunday! Guvoh bo‘ldik!» deganlarini esla" (A’rof surasi 172).

Alloh taolo bashariyat otasi – Odam alayhissalomni yerga tushirgach, uning pushtidan to qiyomatgacha tug‘iladigan jamiki insonlar ruhini chiqargan va ularga “Men sizlarni Rabbingiz emasmanmi?!” deb savol bergan. O‘shanda hamma inson hali ularning jasadlari yaratilmasdan oldin (dunyoda kofir bo‘lib yashaganlr ham) “Ha, Sen bizning Rabbimizsan. Biz esa sening bandalaringmiz”, deb iymon keltirgan va Allohga qullik qilishga va’da bergan. Allohning Tanho Iloh ekanligini tan olishgan va iqror bo‘lib mo‘min bo‘lishgan.

Alloh va insoniyat orasida bo‘lib o‘tgan shu ahdlashuvni “Al-Misoq” deb aytiladi. Al-Misoqda Alloh Odam va uning zurriyoti fitratiga O‘zining yagona ekanligini, ya’ni tavhid aqidasini singdirgan. Qachondan beri musulmonsan, deb so‘ralganda “Al-Misoqdan beri”deb javob berilishida ham shu ahdnoma nazarda tutiladi.

Dunyoga kelgan har bir chaqaloq, xoh u musulmon oilasida tug‘ilsin yo kofir oilada al-Misoqdagi iymoni bilan mo‘min bo‘lib tug‘iladi. Hatto mushrik kofirlarning chaqaloqlari ham. Shuning uchun ham ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra mushriklarning chaqaloqligida qazo qilgan bolalari almisoqdagi iymoni bilan jannatiy bo‘ladi, deb e’tiqod qilinadi. Imom Qurtubiy va imom Navaviy shu sahih qavl degan.

Al-Misoqdagi va’dasiga sodiq qolganlar musulmon bo‘lib yashaydi. Va’dasini buzganlar esa dunyo hayotida kofir bo‘lishadi. Allohga bergan va’dasini unutib kufr yo‘liga o‘tganlarga  Alloh al-Misoqdagi va’dasini eslatish uchun payg‘ambarlarni yuborgan.

"Bas, eslating! Siz albatta eslatguvchidirsiz. Ularga o‘z hukmingizni o‘tkazguvchi emassiz" (G‘oshiya surasi 21-22).

Al-Misoq va’dasi qiyomat kuni kofirlarga qarshi Allohning hujjati bo‘ladi. Kofir va mushriklar «Ey Alloh, biz Seni borligingni yoki birligingni bilmay qolibmiz, g‘aflatda qolgan ekanmiz», deb uzr aytishmoqchi bo‘lganda Alloh ularga Al-Misoq ahdnomasini eslatib qo‘yadi.

Darvoqe, xalqimiz orasida tarqalgan "Almisoqdan qolgan..." degan ayni shu tushunchalar asosida shakllangan, ya’ni judayam qadimiy degan ma’noda qo‘llanadi...

Botirjon Tojiboyev


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!