Aholining 53,2 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyor

Aholining 53,2 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyor


So‘rovda respublikamizning barcha hududlarida yashovchi erkaklar, xotin-qizlar, yoshlar va katta yoshdagi fuqarolar ishtirok etdi.

Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rovda mamlakat fuqarolarining 53,2 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorligini tasdiqladi. Ular vaksina aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini oluvchi profilaktik tadbirlar majmuasining muhim tarkibiy qismlaridan biri ekanligini anglab yetmoqda.

So‘ralganlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i (36,5 foiz) emlanishdan bosh tortmoqda.

So‘rovning har o‘ninchi ishtirokchisi javob berishga qiynaldi, bu ularning hali COVID-19ga qarshi emlanish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilmaganligidan dalolat beradi.

Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, emlanishga tayyorlik mamlakatning erkak aholisi orasida 17,4 foizga yuqori bo‘lib, 60,7 foizni tashkil etadi. Ayollar orasida emlashga tayyorlar va COVID-19ga qarshi emlanishni istamaydiganlar foizi deyarli bir xil – 43,3 foizi emlashni istaydi, 45,2 foizi istamaydi.

Yosh kesimida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorlikning eng yuqori ko‘rsatkichi 45-54 yoshdagi fuqarolar orasida aniqlandi. Emlanish borasida bir qarorga kelmagan fuqarolarning eng yuqori darajasi 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida aniqlandi va 28,4 foizni tashkil qildi.

"Siz qancha vaqt ichida COVID-19ga qarshi emlanmoqchisiz?", degan savolga javob berishda 37,1 foiz fuqaro kelayotgan haftada emlanishga tayyorligini bildirdi. 25,7 foiz ishtirokchi fikriga ko‘ra, ular bir oy ichida emlanishni boshlashlari mumkin. Har o‘ninchi respondent (11,3 foiz) poliklinikaga chaqirilgan taqdirda emlanishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Fuqarolarning kichik foizi (1,6 foiz) emlanishni uzoqroq muddatga kechiktiradi. Har beshinchi respondent emlanishga tayyor bo‘ladigan vaqt haqidagi savolga javob berishga qiynaldi.

Tadqiqotning asosiy maqsadlaridan biri fuqarolarning emlanishdan bosh tortishi sabablarini aniqlashdan iborat.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 35,9 foiz fuqaro vaksinaning ehtimoliy nojo‘ya ta’sirlari borasidagi xavotirlik va kuchli nojo‘ya reaksiyalarga duch kelmaslikni COVID-19ga qarshi emlanishni rad etishning asosiy sabablari sifatida aytishdi.

Telefon so‘rovining ko‘rsatishicha, 34,2 foiz fuqaro koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga zarurat ko‘rmayapti va COVID-19ga chalinishi mumkinligiga ishonishmaydi. Ushbu toifadagi fuqarolarning fikriga ko‘ra, jahonda koronavirus infeksiyasi atrofida yuzaga kelgan vaziyat go‘yoki o‘ylab topilgan, uning xavfi judayam oshirib yuborilgan. Bundan tashqari, ushbu fuqarolar kasallik ularni chetlab o‘tishiga ishonadi.

Telefon so‘rovi davomida COVID-19ga qarshi emlanishga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan fuqarolarning 16 foizi vaksina koronavirusdan samarali himoya qilishiga shubhalanishini ta’kidladi. Chunki bugungi kundagi mavjud vaksinalar ularning xavfsizligini va samaradorligini tasdiqlashi mumkin bo‘lgan yetarlicha tadqiqot va klinik sinovlardan o‘tmagan.

8,6 foiz respondent emlanishni samarasiz, deb hisoblaydi, koronavirusga qarshi mavjud vaksinalar aholining kasalni yuqtirish xavfini kamaytirishi, hayoti va salomatligini himoya qilishi mumkinligiga ishonmaydi.

Umuman olganda, telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, har ikkinchi tadqiqot ishtirokchisi emlanishga ishonadi, uni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi samarali vosita, deb hisoblaydi. O‘zini va yaqinlarini xavfli virus bilan kasallanish xavfidan saqlash uchun COVID-19ga qarshi emlanishga tayyor.

Shu bilan birga, aholining bir qismi orasida mutlaqo asossiz, emlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi turli xil qo‘rquv va xavfsirashlar keng tarqalgan. So‘rov o‘tkazish vaqtida emlanish kerakmi yoki yo‘qligi borasida aniq pozisiyaga ega bo‘lmagan guruh ham aniqlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!