Agar xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz...

Agar xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz...

Alloh taolo aytadi:

Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya’ni, nasihatlaring kor qilmasa), ularni yotoqlarda tark qilingiz, (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang) so‘ngra (ya’ni, shunda ham sizlarga bo‘yinsunmasalar), uringlar! Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan zotdir (Niso surasi, 34).

Vohidiy rahimahulloh aytganlarki: Bu oyatdagi itoatsizlik dan murod erga osiylik qilish, ya’ni, takabburlik bilan erining buyruqlariga xilof ish yuritishdir .

Ato rahmatullohi alayh aytadilar: U (ya’ni, itoatsizlik) eri uchun o‘ziga oro bermaslik (xushbo‘ylik sepmaslik), o‘zi bilan huzurlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va ilgarigi mute’lik holati o‘zgarib qolishidir. Unday xotinlarga Alloh Kitobi ila pand-nasihat qilinglar , Alloh ularga buyurgan ishlarni eslatinglar .

Ibn Abbos roziyallohu anhu: Ularni yotoqlarda tark qilish to‘shakda xotiniga orqasini o‘girib, gapirmay yotishidir , degan bo‘lsalar, Sha’biy va Mujohidlar: Xotini bilan bir joyda yotmaslik, yaqinlashmaslik , deyishgan.

Ularni urishdan murod qattiq, biron a’zosiga jarohat yetkazadigan qilib emas, bilaks sekin urishdir.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: Odob berish uchun kafti bilan ko‘ksiga turtish kabi , deganlar.

Er xotinining itoatsizligini ushbu oyatda zikr qilinganiday, Alloh izn bergan suratda tuzatishi, bartaraf etishi lozim.

Agar sizlarga (talab qilgan narsalaringizda) itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar .

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: Er xotinini to‘shagiga chorlagan vaqtda (xotini) kelmasa va eri undan norozi bo‘lib tunasa, to tong otguncha farishtalar u ayolni la’natlaydilar (Muttafaqun alayh).

Boshqa bir rivoyatda Allohga qasamki, qaysi bir kishi xotinini to‘shagiga chorlasa-yu, xotini bosh tortsa, to eri undan rozi bo‘lmaguncha, osmondagi Zot undan rozi bo‘lmaydi , deyilgan (Muttafaqun alayh). Yana bir rivoyatda esa: Agar ayol erining to‘shagini tark etgan holda tunaydigan bo‘lsa, to tong otguncha, farishtalar u ayolni la’natlaydilar , deyilgan (Buxoriy, Muslim, Nasoiy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Uch toifa odamning namozi maqbul bo‘lmaydi va bironta yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi: qochoq qulning, to xo‘jayinlariga qaytib, qo‘lini ularning qo‘llariga qo‘ymagunicha; erini g‘azablantirgan norozi qilgan ayolning, to eri undan rozi bo‘lmagunicha va mastning, to o‘ziga kelmagunicha (Ibn Hibbon, Ibn Huzayma rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Eri hozir bo‘lgan (safarda bo‘lmagan) ayolga erining ruxsatisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz birovni uyiga kirishiga izn berishi halol emas (Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdagi hukm ixtiyoriy-nafl ro‘zalarga taalluqli bo‘lib, erning haqi ulug‘ va itoati vojib bo‘lgani bois, undan izn so‘ramay turib xotini ro‘za tutishi mumkin emas.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Agar biron bandani boshqa bir bandaga sajda qilishga buyurgan bo‘lganimda, shubhasiz, xotinni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lardim (Termiziy rivoyati).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Alloh taboraka va taolo eriga noshukrlik qiladigan xotinga qaramaydi. Holbuki, u eridan behojat emas (Nasoiy, Bazzor rivoyati).

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Qaysi ayol vafot etsa-yu eri undan rozi bo‘lsa, jannatga kiradi (Ibn Moja, Termiziy rivoyati).

Rivoyat qilinadiki, ayol qiyomat kuni birinchi bo‘lib namozi va eridan so‘raladi. Rivoyat qilinishicha, ayol uyidan chiqsa-yu, eri norozi bo‘lsa, to (uyiga) qaytgunicha, osmondagi barcha farishtalar hamda insu jindan tashqari, u yonidan o‘tgan har bir narsa unga la’nat aytadi.

Ayol erini norozi qilishdan, g‘azablantirishdan saqlanishi va eri uni xohlagan vaqtida bosh tortmasligi lozim. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: Agar er hojati uchun chorlasa, garchi (xotini) o‘choq boshida bo‘lsa ham kelsin (Termiziy, Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).

Ulamolar aytadilarki: Magar ayol uzrli (hayz yoki nifos ko‘rgan) bo‘lsa, erining chaqirig‘iga javob bermasligi lozim. Shuningdek, er ham ayoli uzrli bo‘lgan vaqtda bu ishni talab qilmasligi va uzrli holati tugab, g‘usl qilmagunicha unga yaqinlik qilmasligi darkor. Zotan, Alloh taolo aytganki: Bas, hayz paytida ayollaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmangiz! (Baqara surasi, 222-oyat).

Rivoyat qilinadiki: Kimda-kim hayzli ayolga yoki xotinining orqasiga yaqinlik qilsa yoxud folbinga borib, gapini tasdiqlasa, batahqiq, u Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan narsaga kufr keltiribdi .

Boshqa bir hadisda: Ayollarining orqalariga yaqinlik qiladigan kimsalarni Alloh la’natlaydi , deyilgan (Tabaroniy rivoyati).

Xullas, xotin uzrli holatida eri yaqinlik qilishni xohlasa, bo‘ysunmasligi, bundan boshqa barcha holatda itoat etishi lozim.

Yana ayol bilib olishi lozimki, u o‘z nafsida va erining molida undan izn so‘ramay turib, tasarruf qila olmaydi. Erining haqqi o‘zining haqqidan, eri qarindoshlarining haqqi o‘z qarindoshlari haqqidan muqaddam turadi. Eri u bilan huzurlanishi uchun, pokliktozalikka e’tibor bergan holda tayyor bo‘lishi lozim. Husn-jamoli bilan eriga takabburlik qilmasligi, mabodo eri xunuk bo‘lsa, uni ayblamasligi darkor.

Asma’iy aytadilar: Sahroyi arablar makoniga borgan edim. U yerda bir er-xotinni uchratdim. Xotin go‘zal, eri esa xunuk edi. Xotindan: Mana shunday kishining qo‘l ostida yashashga qanday rozi bo‘lding? deb so‘ragan edim, u: Yaxshilab eshitib ol, ehtimol erim o‘zi bilan Yaratuvchisi Alloh orasini yaxshi qilgandir-u, meni unga mukofot qilib bergandir. Ehtimol, men osiylik qilgandirman-u, uni menga jazo qilib bergandir , dedi.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: Ey ayollar jamoasi, agar erlaringizning sizlarning ustingizdagi haqlarini bilganingizda edi, sizlardan har bir ayol erining oyoqlaridagi changni yuzining yonoqlari bilan artib qo‘ygan bo‘lardi .

Rivoyat qilinadiki: Sizlarning jannatdagi ayollaringiz har bir suyuvchiyu bolajon (serfarzand) ayollardir. Mabodo g‘azablansa, yoki unga yomon muomala qilinsa va yo eri g‘azablansa: Qo‘lim qo‘lingizda, to rozi bo‘lmaguningizcha, kiprik qoqmayman , deydi .

Shuningdek, ayol eridan doimo hayo qilishi, uning huzurida yerga boqib turishi, buyrug‘iga itoat qilib, gapirayotganda sukut saqlashi, kirib kelganida yoki chiqib ketayotganida o‘rnidan turishi, unga yoqmaydigan barcha narsalardan uzoq bo‘lishi, uxlashi oldidan unga o‘zini arz qilishi, unga to‘shagi va mol-mulkida xiyonat qilmasligi, doimo pokiza bo‘lishi, misvok ishlatishga odatlanishi, u hozir bo‘lganda o‘ziga zeb berib, xushbo‘yliklar sepib, yo‘qligida ziynatni tark etishi, uning ahli va qarindoshlarini izzat-ikrom qilishi, ozgina narsasini ko‘p o‘rnida ko‘rishi vojib bo‘ladi.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!