“Agar nima bo‘lishini bilganimda edi”. Uxanlik shifokor koronavirus haqida ba’zi narsalarni ochiqladi

“Agar nima bo‘lishini bilganimda edi”. Uxanlik shifokor koronavirus haqida ba’zi narsalarni ochiqladi

2019 yilning 18 dekabr kuni Uxan markaziy shifoxonasi bo‘limiga 65 yoshli erkak g‘ayrioddiy nafas yo‘llari infeksiyasi bilan keladi. U bronxoskopiya va kompyuter tomografiyasidan o‘tadi. O‘pkadan olingan suyuqlik namunasi tahlil uchun yuboriladi.

Qabul bo‘limining boshlig‘i Ay Fenning fikricha, bu tekshiruvdan o‘tgan yangi koronavirus infeksiyasi bo‘lgan birinchi bemor edi. Kasallikdan oldin u Uxandagi Xuanan dengiz mahsulotlari bozorida ishlagani ma’lum bo‘ladi. Bozorda ekzotik hayvonlar, shu jumladan, koronavirus tashuvchisi hisoblangan ko‘rshapalaklar sotilgan. 

27 dekabr kuni xuddi shunday alomatlarga ega bo‘lgan ikkinchi bemor Uxan markaziy shifoxonasiga yotqizildi. U birinchisidan 20 yosh kichik edi. Bemorni qabul qilish bo‘limiga olib borilganda, uning qoni atigi 90 foiz kislorod bilan to‘yingan edi – bu sog‘lom odamga qaraganda ancha yomon.

Uch kundan keyin Ay Fen ikkinchi bemorning tahlillari natijalarini oldi. Ro‘yxatda o‘pkada uchraydigan patogenlar keltirilgan edi: turli xil nafas olish bakteriyalarining bir nechta turlari, Psevdomonad onixiya va SARS koronavirusi. Xitoyning "Renu" jurnaliga bergan intervyusida, Ay Fen ro‘yxatni sovuq ter bilan qayta o‘qiganini esladi. Chunki SARS koronavirusi 2003 yilda SARS kasalligi tarqalishining sababchisi bo‘lgan. Shundan so‘ng juda ko‘p ushbu alomatlarga ega bemorlar shifoxonaga kela boshladi. 50 yoshdan oshganlarning yarmi bu noma’lum kasallikdan vafot etardi.

"Aynan o‘sha paytda, kasalxonamizning pulmonologiya bo‘limi boshlig‘i, SARS tarqalishiga qarshi kurashgan shaxs, mening xonam yonidan o‘tayotgan edi. Men unga yetib oldim va tahlil natijalarini ko‘rsatdim. U natijalarni o‘qib, bu juda yomon ekanligini aytdi", deydi Ay Fen

Fen zudlik bilan shifoxona rahbariyatiga ushbu holatni ma’lum qiladi. Tahlil natijalari nusxasini boshqa klinikadagi taniqli shifokorga yuboradi. Bir necha soat ichida rasm WeChat tarmog‘idagi tibbiyot guruhlarida tarqala boshlaydi. Tez orada SARS'ning yangi to‘lqini haqidagi mish-mishlar oddiy internet foydalanuvchilari tomonidan Xitoy bo‘ylab tarqata boshlanadi.

Ay Fen

O‘sha oqshom Ay Fen o‘z rahbarlaridan bir nechta xabar oladi. Unga yangi kasallik haqida ma’lumot tarqatmasligi kerak ekani haqida ogohlantiriladi va itoatsizlik uchun javobgarlikga tortish bilan qo‘rqitiladi. 

"Men tun bo‘yi uxlay olmadim, xavotirlanib, nima bo‘lganini o‘ylab chiqdim. Menga hamma narsaning ikki tomoni borligi ayon bo‘ldi. Harakatlarim qandaydir salbiy oqibatlarga olib kelsa ham, Uxandagi shifokorlarni o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlari kerakligini ogohlatirmoqchi bo‘ldim", deya eslaydi Ay Fen

Ertasi kuni ertalab Ay Fen shifoxonaning intizom komissiyasiga chaqirilgan va unga qattiq tanbeh berilgan. U o‘zini aybdor deb bilsa-da, WeChat'da uning rasmini muhokama qilgan yana sakkizta shifokor jazolangani g‘azabini keltiradi.

Rahbarlari bilan uchrashgandan so‘ng, Ay Fen lavozimidan chetlatilishini so‘raydi, ammo rad javobini oladi. 

"Kechqurun uyga qaytganimda, erimga agar menga biron bir narsa bo‘lsa, yolg‘iz bola bilan qanday o‘zini asrashi kerakligini tushuntirdim", deydi shifokor Fen. 

U qarindoshlariga koronavirus va o‘ziga qo‘llanilgan jazo haqida aytmaslikka qaror qiladi. Lekin ularni odamlar gavjum joylarga bormaslik va ko‘chada tibbiy niqoblarsiz chiqmaslik haqida ogohlantiradi.

Shu kuni Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga noma’lum pnevmoniya bilan bog‘liq kasallik to‘g‘risida xabar beradi. Bu – muammo mavjudligini birinchi marta rasmiy tan olinishi edi. Yangi kasallik u vaqtda o‘z nomiga ega emas edi. Shuningdek, hech kim uning qanday yuqishini va u qay darajada xavfli ekanligini aniq ayta olmasdi.

Epidemiya

1 yanvar kuni Ay Fen ishga qaytdi. Shifokorlar mumkin bo‘lgan xavf haqida aholi ogohlantirishsiz qolayotganidan xavotirda edi. Kasallik mavjudligini tan olish faqat shaxsiy suhbatlarda ruxsat etilgan, bu haqda messenjerda yoki SMSda yozishga ruxsat yo‘q edi. Bundan tashqari, rasmiylar vahima qo‘zg‘atmaslik uchun shifokorlar va hamshiralarga himoya vositalarini kiyishni taqiqladi. Ay Fen o‘z xodimlariga himoya kostyumlarini xalatlari ostidan kiyishni buyuradi. U bundan ortiq ish qila olmadi.

Shunday vaziyatda rasmiylarning ushbu kasallik odamdan odamga yuqmasligi haqidagi bayonoti Ay Fenni o‘ylantirib qo‘ydi. Chunki Xuanan bozori 1 yanvar kuni yopilgan edi. Lekin kasallik yuqtirganlar soni kundan kunga ortib borardi.

Faqat 2003 yilda SARS koronavirusini kashf etgan mashhur xitoy epidemiologi, 83 yoshli akademik Chjong Nanshanning aralashuvi rasmiylarning fikrlarini o‘zgartirishi mumkin edi. U Uxanga keladi va shahar epidemiya yoqasida ekanligini darhol anglaydi. 

19 yanvar kuni u jurnalistlarga yangi koronavirus infeksiyasi odamdan odamga yuqishini aytadi. Ertasi kuni rasmiy Pekin inqirozni nazoratga oldi. Shahar joylashgan Xubey provinsiyasida barcha ommaviy tadbirlar zudlik bilan bekor qilindi, qat’iy karantin e’lon qilindi, kirish va chiqish yo‘llari yopildi va COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun vaqtinchalik shifoxonalar qurila boshlandi.

“O‘sha kunlarda bizning qabul bo‘limimizda shunday vaziyat bo‘lganki, kasallikdan omon qolganlar buni hech qachon unutmaydi. Ba’zilar shifoxonada joy topolmay yo‘laklarda vafot etardi. Bu juda dahshat edi", deydi Ay Fen.

Senzura

Ay Fen dekabr oyida o‘z rahbarlarining talablariga bo‘ysunganidan hanuz afsusda ekanligini tan oladi. 

"Agar men bundan keyin nima bo‘lishini bilganimda edi, ularga tanbeh berishdan qo‘rqmasdim. Shuningdek, barchani bu xavfdan vaqtida ogohlantirgan bo‘lardim", deydi Fen xonim.

Kasallikka tezkor javob berish haqiqatan ham ko‘p odamlarning hayotini saqlab qolishi mumkin edi. Xitoylik mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Uxanda bir hafta oldin karantin joriy etilganida edi, yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirganlarning uchdan ikki qismi ushbu kasallikka chalinmay qolishi mumkin edi. Kasallikning avj olishiga qarshi kurash yanvar oyining boshida boshlanganda Xitoyda bemorlar soni 95 foizga kam bo‘lar edi.

Ushbu shifokor bilan suhbatni nashr etgan "Renu" agentligi ko‘p o‘tmay maqolani o‘z saytidan olib tashladi. Bunga sabab qilib, "Renu"da hukumatga yaqin odamlar ishlashi aytildi. Oz vaqtdan so‘ng esa Ay Fen g‘oyib bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Unga yaqin kishilarning aytishicha, uni polisiya mahkamasiga olib ketishgan.

Nurulloh Sharipov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!