«Agar falon ishni qilsam, kofir bo‘lay» deya qasam ichish hukmini bilasizmi?

«Agar falon ishni qilsam, kofir bo‘lay» deya qasam ichish hukmini bilasizmi?

Bir kimsa "Falon ishni qilsam, kofir bo‘lay" deya qasam ichsa, uning hukmi ne bo‘lishi haqida ulamolar ixtilof qilishgan. 

Ba’zi ulamolar bundayin qasam ichish lag‘v-bekorchi so‘z bo‘lib, uni aytish sababli qasam yuzaga kelmaydi va bunga hech bir narsa lozim ham bo‘lmaydi deb aytishgan.

Ibn Rushd rahimahulloh aytadi: “Ulamolar agar falon ishni qilsam, Allohga kofir bo‘layin, yoki mushrik bo‘layin, yoki nasroniy, yoki bo‘lmasam yahudiy bo‘layin deya qasam ichsa va so‘ngra o‘sha ishni qilib qo‘ysa, unga kafforat lozim bo‘lishi yoki bo‘lmasligi haqida ixtilof qilishgan.

Imom Molik va imom Shofe’iy rahimahumalloh "Bu kimsaga kafforat lozim bo‘lmaydi va bu so‘z  qasam ham emas" deb aytishgan.

Abu Hanifa rahimahulloh esa "Bu so‘z qasam bo‘lib, agar bu kabi  qasamni buzib qo‘ysa, unga kafforat lozim bo‘ladi" deb aytgan. Imom Ahmad rahimahulloh ham shunday degan.

Mujtahid imomlarning ixtilofi  hurmati bor har bir narsa ila qasam ichish joizmi yoki qasam faqatgina Alloh ismi bilan  bo‘ladimi degan mavzuda bo‘lgan”. 

"Bidoyatul-mujtahid va nihoyatal-muqtasid". 1/410.

"Mudavvana"da keltiriladi: Abdurahmon ibn Qosimdan "Agar falon falon ishlarni qilsam, Allohga kofir bo‘lay deya aytsa, imom Molik qavliga ko‘ra bu so‘zi qasam bo‘ladimi?” deb so‘raldi.

Shunda ibn Qosim “Imom Molik bu qasam bo‘lmaydi va to qalbida shu gapiga tasdiq bo‘lmagunicha kofir bo‘lmaydi. Ammo qanday ham yomon ish qilibdi deb aytgan” deya javob berdi.

Shayx Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh "Manhajut-tullob sharhi"da bunday degan: "Bir kimsa falon ishni qilsam, yahudiy bo‘layin desa yoki shu kabi so‘z aytsa, men Islomdan, Allohdan, U Zotning Rasulidan bezorman deb aytsa va bu so‘zidan razil fe’lidan nafsini uzoq qilishni qasd etsa, bu qasam bo‘lmaydi. Bu so‘zi ila kofir ham bo‘lmaydi. 

Bu inson "La ilaha illallohu Muhammadun rasululloh" deb aytsin va tavba-istig‘for qilsin.

Agar ushbu aytganiga o‘zi rozi bo‘lib qilsa, shubhasiz o‘sha zahoti kofir bo‘ladi".

Imom Haytamiy "Tuhfatul-muhtoj"da va imom Shavkoniy "Naylul avtor"da shu kabi aytishgan.

Ammo bu kimsa qilgan ishidan astoydil nadomat etsa va chin dildan tavba qilsa uning tavbasi qabul bo‘lishidan umid qilinadi. 

«Kufr keltirganlarga ayt, agar to‘xtasalar, o‘tgan narsalar mag‘firat qilinur va agar qaytadigan bo‘lsalar, bas, batahqiq, avvalgilarning sunnati o‘tgan» (Anfol surasi, 38-oyat).

XULOSA

Musulmon kimsa uchun kufrga ketishi yonib turgan olovga tushganidan-da qo‘rqinchliroq va dahshatliroqdir. Zotan, iymonning ziddi kufr bo‘lib, kufrning joyi abadiy do‘zaxdir.

Aytayotgan so‘zlarimizga o‘ta ehtiyot bo‘lishimiz, imkon qadar qasamlardan tiyilishimiz lozim.

Mabodo biron bir sabab tufayli qasam lozim bo‘lib qolsa ham kufr va shirk bilan qasam ichmaslik lozim. 

E’tibor qilsak, yuqorida biz qavllarini keltirgan ulamolarimiz bayoniga ko‘ra, bir kimsa falon ishni qilsam kofir, mushrik, yahudiy, nasroniy bo‘layin desa va agar rostdan shuni qasdi ila qilsa kofir bo‘lar ekan.

Ammo agar biron yomon  ishdan o‘zini tiyish uchun aytib, so‘ngra o‘sha ishni qilib qo‘ysa, qasamxo‘r bo‘lar va kafforat to‘lar ekan.

Alloh taolo istiqomati shariatda rost qilsin.

Tavfiq Allohdandir.

Sunnatulloh ABDULBOSIT


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!