Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligini ogohlantirdi
Adliya vazirligi dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida intellektual mulk huquqlariga qat’iy rioya etilishi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligini ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2023 yilda 21 ta holatda, 2024 yilning o‘tgan davrida 16 ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat ro‘yxatiga olingani aniqlandi.
Jumladan, iste’molchilarga yaxshi tanish bo‘lgan "MAGNE B6", "IMUDON", "SMEKTA", "DUSPATALIN", "ELEVIT" kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dori vositalarining kontrafakt nusxalari "Magne B6", "Nest Imudon", "Smecta", "Grand Imudon", "MER DUSPATANIM", "ELEMALVIT" ko‘rinishida turli farmasevtika korxonalari nomiga intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligiga ogohnoma kiritilib, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatdan o‘tkazilishida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishini oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi, bunday holatlar takroran sodir etilganda qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.
Eslatib o‘tamiz, "Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunga asosan dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda qalbakilashtirilgan va O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi, deyiladi xabarda.