Abu Dabida kichik O‘zbekiston ochildi

Abu Dabida kichik O‘zbekiston ochildi

Abu Dabi amirligining Al Vatba hududida 18 noyabr kuni boshlangan “Shayx Zoid” festivali doirasida Turizm va madaniy meros vazirligi ko‘magida “O‘zbekiston” pavilyonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda davlat ramzi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, “Shayx Zoid” madaniy meros an’anaviy festivali to‘rtinchi marta tashkil etilmoqda, 2022 yil 18 noyabrdan 2023 yil 18 martga qadar davom etadi. Tadbir doirasida “Xush kelibsiz!” nomi ostida dronlar va lazer chiroqlari hamda Amirlik favvoralari shoulari, mushakbozlik, harbiy meros musiqasi, meros musobaqalari va qiziqarli sport tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilyonlari, yangi qo‘shilgan San’at shaharchasi, “Selfie street” maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilyonlari tashkil etildi.

“O‘zbekiston” pavilyoni an’anaviy ravishda Turizm va madaniy meros vazirligi hamda O‘zbekiston Investisiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, Amirliklar tomoni bilan hamkorlikda musiqiy jamoalar, hunarmandlar hamda oshpazlar ishtiroki ko‘zda tutilib, O‘zbekistonning salohiyati keng targ‘ib qilinadi.

Festival davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning BAAdagi diplomatik vakolatxonalarining vatandoshlarga yo‘llangan tabriklari, o‘zbek milliy kuylari, san’atkorlar chiqishlari, hunarmandlarning mahorat darslari tashkil etildi va Davlat bayrog‘imiz hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videorolik shaharchaning markaziy maydonidagi ekranlarda namoyish etildi. O‘zbekiston pavilyoni tomonidan Davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.

Qatardagi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston turizm salohiyaini targ‘ib qilish uchun avtotransportda yo‘lga chiqqan taniqli blogerlar jamoasi (A.Saparbayeva – littos/3,3 mln. kuzatuvchi, I.Ikromov – autotuning_uz/1,3 mln. kuzatuvchi, O.Jo‘rayev – iwash_tashkent/530 ming kuzatuvchi) Davlat bayrog‘ini nishonlash tadbiriga taklif etilib, tadbir jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi, markaziy televideniyelarda yoritish uchun materiallar jamlandi.

Tadbir so‘ngida BAAdagi vatandoshlar, san’atkorlar guruhi va blogerlar jamoasi bilan birgalikda festival asosiy maydoni bo‘ylab O‘zbekiston bayrog‘i ostida parad uyushtirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!