Abbosbek Fayzullayev O‘zbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
14 dekabr kuni O‘zbekiston futbol assosiasiyasining navbatdagi hisobot kongressi o‘tkazildi. Tadbir davomida 2024 yilgi futbol mavsumining eng yaxshilari taqdirlandi.
Unga ko‘ra, «SSKA» va O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev «Yilning eng yaxshi futbolchisi» deb topildi. Mazkur nominasiyada milliy terma jamoa darvozaboni O‘tkir Yusupov va «Lans» klubi va milliy jamoa himoyachisi Abduqodir Husanovlar bor edi.
«Yilning eng yaxshi futzalchisi» soviriniga futzal bo‘yicha milliy terma jamoa yetakchisi Husniddin Nishonov egalik qildi.
O‘zbekiston chempionati va kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Nodir Eliboyev «Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi» bo‘ldi.
O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi yetakchisi Diyora Habibullayeva — «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» deb topildi.
«Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» nomiga «So‘g‘diyona» klubi futbolchisi Muhammadyusuf Sobirov loyiq ko‘rildi.
Shuningdek, ilk marotaba Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston U-23 Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze «Yilning eng yaxshi murabbiyi» bo‘ldi.
Ayollar futbolida esa «2024 yildagi eng yaxshi murabbiy» mukofoti «Sevinch» jamoasi bilan birgalikda joriy mavsum chempionat g‘olibligini qo‘lga kiritgan Vladislav Xanga berildi.
«Sevinch» klubi yetakchi futbolchisi Maftuna Shoimova «Ayollar Oliy ligasining eng yaxshi futbolchisi» sifatida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, futbol faxriysi, murabbiy sifatida 5 karra O‘zbekiston chempioni, 9 karra kumush medali sohibi, 2 karra O‘zbekiston kubogi g‘olibi, Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi afsonasi Yuriy Sarkisyanga «Futbol nuroniysi» sovrini topshirildi.
Shuningdek, Parijda o‘tgan Olimpiadaning 4 ta uchrashuvida faoliyat olib borgan, OCHL final uchrashuvida ishlagan Ilgiz Tantashev «Yilning eng yaxshi hakami» nomiga loyiq deb topildi. Ayol hakamlar orasida esa O‘zbekiston kubogi final uchrashuvini o‘tkazgan Gulshoda Saidqulova 2024 yilning eng yaxshi referisi bo‘ldi.