61-xalqaro gullar festivali: 300 turdagi gullar namoyishi, 250 nafar mahalliy va 22 ta xorijiy davlatning mohir gulchilari

61-xalqaro gullar festivali: 300 turdagi gullar namoyishi, 250 nafar mahalliy va 22 ta xorijiy davlatning mohir gulchilari

So‘nggi yillarda respublikada gulchilikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2021 yilning 4 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida “Gul yetishtiruvchilar uyushmasi” tashkil etildi.

Ushbu islohotlar natijasida 22 may kuni Namangan shahrida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan 61-xalqaro gullar festivaliga start beriladi. Shu vaqtgacha ushbu festival yetti kun davom etgan bo‘lsa, bu galgisi o‘n besh kun mobaynida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Mazkur xalqaro festivalda yurtimiz viloyatlaridan kelgan 250 nafar usta gulchilar hamda 22 ta xorijiy davlatdan tashrif buyurgan mohir gulchi mutaxassislar, ikebana san’ati vakillari, landshaft dizaynerlari gulchilik borasidagi mahoratini namoyish etadi.

Xalqaro gullar festivaliga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Namangan shahridagi 16 gektarlik Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘da 8 gektar maydonga gul ekildi. Yigirma kun davomida jami 1500 nafar hasharchilar mehnat qildi. Ular 30 turdagi 16 million gullarni ekib chiqishdi. Xabar berilishicha, festivalda 300 turdagi gullar namoyishi kutilmoqda. Bu galgi bayram tantanalari yakunida festivalda korxona-tashkilotlar va gulchilar 12 ta nominasiya bo‘yicha taqdirlanadi.

Ta’kidlash joiz, O‘zR Prezidentining yuqoridagi qaroriga ko‘ra, gulchilikka ixtisoslashgan tumanlarda tajriba tariqasida gulchilik sohasida tajribaga ega bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan gulchilik klasterlari yaratilmoqda.

Shuningdek, gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subektlarining o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish ishlari yo‘lga qo‘yildi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida Gulchilik magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil etish, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida Turkiya Respublikasining Isparta amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik sohasida kadrlar tayyorlashni qo‘shma ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yish ishlari rejalashtirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!