6 yoshli Temur 1 yarim yildan so‘ng onasi bag‘riga – Rossiyaga qaytarildi

6 yoshli Temur 1 yarim yildan so‘ng onasi bag‘riga – Rossiyaga qaytarildi

Joriy yilning fevral oyida Bola huquqlari bo‘yicha vakil A.T.Yunusovaga Rossiya Federasiyasi Sverdlovsk viloyati Inson huquqlari bo‘yicha vakili T.G.Merzlyakova murojaat qilib, unga yuborilgan murojaatni xal etishda hamkorlikda ishlash taklifini bildirdi. Xatga ilova qilingan murojaatda Rossiya fuqarosi Ye. S. O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan 6 yoshar o‘g‘li Temurni Rossiyaga qaytarish bo‘yicha yordam so‘ragan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmatining "Aniq.uz"ga ma’lum qilishicha Ye. S, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganidan so‘ng, sobiq eri Buxoro viloyatida qolgan, o‘g‘li esa u bilan Rossiya Federasiyasida yashagan. Shunga qaramay, Ye. S. o‘g‘li Temurni otasi va uning qarindoshlari bilan muloqot qilishiga hech qanday to‘sqinlik qilmagan. Xattoki, 2019 yilning avgust oyida sobiq qaynonasi SH. SH.ga o‘g‘lini Buxoroga borib kelishi uchun rozilik bergan. Temur 2020 yilning 10 fevraliga qadar Rossiyaga qaytishi kerak edi. Lekin, 2020 yilda dunyo bo‘ylab tarqalgan karonavirus infeksiyasi tufayli qat’iy karantin talablari o‘rnatilgani uchun avia qatnovlarning to‘xtatilgani sababli sobiq qaynona nabirasini qaytarib olib borishni rad etgan.

Ona o‘z murojaatida o‘g‘li Buxoroda bo‘lgan paytlari u bilan telefon orqali kam muloqot qilgani sababli, sobiq turmush o‘rtog‘ining ixtiyoriy ravishda o‘g‘lini qaytarishiga shubha qilgan. Shunday bo‘lsada, karantin talablari yengillashtirilgach, Ye. S. o‘g‘li va sobiq qaynonasi uchun joriy yil 11 fevral kuni Toshkent-Moskva reysiga chiptalar sotib olgan.

Rossiya Federasiyasining Sverdlovsk viloyati Vakili T.G.Merzlyakova bilan telefon orqali suhbatlashilganda, u O‘zbekiston Bola huquqlari bo‘yicha vakili A.T.Yunusovadan mazkur vaziyatni nazoratga olishi va Temurni Rossiya Federasiyasiga qaytarishda yordam berishni so‘ragan.

Shundan so‘ng Aliya Yunusova bolani uyiga qaytarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida Buxoro viloyati prokuraturasiga murojaat qildi. Afsuski, 11 fevral kuni Temurning buvisi betob bo‘lib shifoxonada davolayotgani sababli bolani onasiga qaytarishni imkoni bo‘lmadi.

Sharoitdan kelib chiqib Bola huquqlari bo‘yicha vakil tezlik bilan Vasiylik va homiylik organlari, Buxoro viloyati prokuraturasi, Bosh prokuror o‘rinbosari S.Artikova, Transport prokuraturasi bilan aloqaga chiqib, bolani zudlik bilan onasi bag‘riga qaytarish choralarini ko‘rdi. Natijada bola Buxoro shahridagi vasiylik va homiylik organining vakili hamrohligida joriy yilning 27 fevral kuni ertalab Toshkent xalqaro aeroportiga yetkazilib, "ona va bola" xonasiga joylashtirildi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Tuygunovna ham aeroportga borib, bola uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini tasdiqladi. Xullas shu kuni kechqurun bola Toshkent-Moskva reysi orqali onasi bag‘riga qaytarildi. Moskvada o‘g‘lini kutib olgan ona Bola huquqlari bo‘yicha vakilga o‘g‘li bilan birgalikda tushgan fotosuratlarni yuborib, Temurni sog‘-salomat qaytarishdagi yordami uchun o‘z minnatdorchiligini izhor qildi.

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!