2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uy savdosi hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan o‘rtacha 8% ga oshgan

2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uy savdosi hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan o‘rtacha 8% ga oshgan

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan 2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uylarning narxi qanchalik o‘zgarganligi tahlil qilindi.

2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uy savdosi hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan o‘rtacha 8% ga (7814 tadan 8408 taga) oshgan.

Mazkur davrda uyning 1 kv. metri uchun narxlar o‘rtacha 27%ga oshgan, ya’ni ushbu ko‘rsatkich 2021-yilning noyabr oyida 849 AQSh dollarini tashkil etgan va 2022-yilning noyabrida 1078 AQSh dollariga yetgan.

Toshkent shahrining ayrim hududlarida uyning 1 kv. metri narxi o‘rtacha ko‘rsatkich (1078 dollar) dan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi. Xususan, Mirobod tumanida – 1285 dollar (+20%), Yakkasaroy tumanida - 1178 dollar (+9%), Shayxontohur tumanida – 1144 dollar (+6%), Mirzo-Ulug‘bek tumanida - 1137 dollar (+6%), Yunusobod tumanida – 1117 dollar (+4%).

Ma’lumot uchun: 2022-yilning 9 oyida Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 5,9 million so‘mga yetib, 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 32,5% ga o‘sgan. Ushbu davrda yillik inflyasiya darajasi 12,2%ni tashkil etgani hisobga olinsa, real ish haqi 20,3% ga oshgan. Ushbu davrda so‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashinuv kursi 10672,30 so‘mdan 10973,39 so‘mga (2,8%) o‘zgargan.

2022-yilning noyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali xonadon narxi o‘rta hisobda 55,7 ming dollarni tashkil etdi (2021-yilning noyabrida - 41,6 ming dollar). Toshkent shahrida uy-joyga bo‘lgan talabning oshishini, bir tomondan, yashash uchun ijtimoiy infratuzilmalarning nisbatan yaxshiroq ekanligii bilan izohlash mumkin.

Ta’kidlash kerakki, tug‘ilish koeffisiyenti ham sezilarli darajada oshgan, ya’ni, Toshkentda bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 2010-yilda 1,99 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 3,02 ga yetgan. Mazkur ko‘rsatkich ham oilaning kengroq maydonga ega xonadonga ko‘chib o‘tish istagini shakllantirishda ahamiyatli bo‘lishi mumkin.

Mamlakatimizda tug‘ilish darajasining nima sababdan yuqori bo‘lganini aniqlash maqsadida PMTI tomonidan 2022-yilning sentyabr va oktyabr oylarida so‘rov o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25-45 yosh oralig‘ida bo‘lgan, 3 nafar va undan ko‘p farzandi bor 200 nafar ayol ishtirok etdi. So‘rovda qatnashganlarning 43,8% i farzand ko‘rishga qaror qilishida asosiy sabab sifatida salomatligining yaxshilanishini, 43,8% i esa oilaviy sharoitining yaxshilanishini ko‘rsatgan.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlari ko‘lamining kengaytirilishi uy bozoridagi faollikning saqlanib qolayotganiga asosiy sabab bo‘lmoqda. 2022-yil 9 oyi mobaynida banklar tomonidan aholiga 10,3 trillion so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratilgan. Bu esa 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 68% ko‘p, demakdir.

O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (O‘zIQMK) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilning 4-choragidan 2022-yilning 3-choragigacha bo‘lgan davrda berilgan ipoteka kreditlarining 73,1% i Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan, 16,8% i banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan va 10,1% i O‘zIQMK mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

PMTI oldingi sharhida Toshkent shahrida uy-joy narxlarining tez sur’atlarda o‘sishini mazkur bozorning spekulyativ xususiyatga ega ekanligi bilan izohlagandi. Bu uy narxlarining oshib borishi talab nuqtai-nazaridan farzandlar soni, daromad va migrasiya omillaridan tashqari, aholi jamg‘armalarini investisiyalarga yo‘naltirish bo‘yicha moliyaviy vositalarning cheklanganligidan dalolat beradi, ya’ni, mamlakatimizda kapital bozorining rivojlanmaganligi uzoq muddatli jamg‘armalarga ega aholi qatlamining ortiqcha mablag‘larini uy-joy uchun investisiya sifatida yo‘naltirishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga global miqyosda uy-joy narxlari tushushi kuzatilmoqda. Buni yashash uchun birlamchi xarajatlarning oshganligi, foiz stavkasining ko‘tarilishi va ishsizlik darajasining oshishi bilan izohlash mumkin.

Izoh: Ushbu tahlil uchun ma’lumotlar www.olx.uz saytidan veb-skreping (web-scraping ) usuli yordamida olingan. 2020-2022 yillar uchun to‘plangan 113,5 mingta kuzatuv o‘rganildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!