2,5 million haqida ertak: XDP raisi o‘zga sayyoralikka qiyoslandi

2,5 million haqida ertak: XDP raisi o‘zga sayyoralikka qiyoslandi

Bir gapni eshitsa bo‘ldi – o‘zini xuddi shu sohaning mutaxassisi qilib ko‘rsatishga urinadiganlar ko‘payib ketdi. Misol uchun, iste’mol savatchasini oling. Bu atamani bilgan ham, bilmagan ham qo‘llayapti hozir. Shunday aqllilarning o‘n nafaridan mazkur savatchaga kiradigan birinchi darajali mahsulotlar va xizmatlar ro‘yxatini so‘rab ko‘rdim. To‘qqizi gapni olib qochdi. Faqat bir kishi sanab berdi: muayyan muddatga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, dori-darmonlar, shuningdek, transport xarajati va kommunal xizmatlar to‘lovlari. Mavjud shart-sharoitga qarab boshqa narsalar ham iste’mol savatchasiga kiritilishi mumkin. U odatda bir kishi yoki oilaga nisbatan oylik muddatga aniqlanadi.

Mamlakatimizdagi oilalarni o‘rtacha besh kishi deb oladigan bo‘lsak, ularning oy davomidagi barcha ehtiyojlari uchun qancha mablag‘ zarur? Bu savolning javobi chuqur tahlillar va taqqoslarga asoslangan aniq hisob-kitoblarni talab etadi. Xullas, amaliy tadqiqot va sinov-tajribalardan keyin belgilanadi bunday miqdor.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, Xalq demokratik partiyasi raisining “ikki yarim million”i hammani lol qoldirdi. Ulug‘bek Inoyatov mazkur ko‘rsatkichni qaysi ilmiy-tadqiqot markazining xulosalaridan olgani ham sirligicha qolmoqda. Yoki biror raqamni aytvoray – jurnalistlar jim tursin, deb o‘yladimikin?! Partiya liderining og‘zidan chiqqan ma’lumotni muxbirlar mulohaza chig‘irig‘idan o‘tkazishini unutdimikin?!

“Sevimli” telekanalida yangragan “ikki yarim million” ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgach minglab munosabat bildirildi. Ammo ular ijobiy emas. Mustahkam asosga ega bo‘lmagan fikr uning muallifini o‘zga sayyoralikka qiyoslashgacha borib yetdi. Bundan hayron qolgan Jumanazar aka meni olib ketishga XDP raisi topshiriq berganmikin, deb o‘ylayotganmish.

Boshqa bir postda tobora qimmatlashayotgan kommunal to‘lovlarni U.Inoyatovning o‘zi to‘lamagani uchun bilmasligi yozilgan. Darvoqe, saylov arafasida yana bir siyosiy kuch - “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining kommunal to‘lovlarni tabaqalashtirish to‘g‘risidagi takliflari ham kulgiga sabab bo‘layapti. Men ham bunda mantiq ko‘rmadim. Tasavvur qiling, ikki qo‘shni bir xil miqdorda elektr energiyasi iste’mol qildi. Lekin daromadga qarab to‘lov ikki xil bo‘ldi. Buning qanday oqibatlar keltirib chiqarishini maktablardagi tabaqalashtirilgan pul yig‘imlaridan (albatta norasmiy) bilish qiyin emas. Daromadi yuqori ota-onaning farzandi yaxshi o‘qisa-o‘qimasa sinf gegemoniga aylanadi. Iqtidorlilar yelkasini qisib, iymanib yurishga majbur. Chunki kam pul bergan. Bu jarayon kattalarga – butun jamiyatga ko‘chmasligiga “Milliy tiklanish” mutasaddilari kafolat bera oladimi?

Imtiyozu tabaqalarni chetga surib, O’zLiDeP ilgari surayotgan taklif – barchaga birdek sharoit va teng imkoniyat yaratish masalasini ko‘proq muhokama qilish kerakka o‘xshaydi. Shunda asoslanmagan raqamlar ham, mantiqsiz mulohazalar ham, o‘tkinchi siyosatchilar ham vaqtimizni olmaydi.

Omon ESON


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!