11 yil qamoqda o‘tirgan buxorolik erkak: aslida, nima bo‘lgandi?

11 yil qamoqda o‘tirgan buxorolik erkak: aslida, nima bo‘lgandi?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida «Sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutug‘imizdir. Men, Prezident sifatida, sudyalarning bunday jasorati va qat’iyatini bundan keyin ham to‘liq qo‘llab-quvvatlayman» deya ta’kidlagandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2020 yil 6 fevraldagi va jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya ins­tansiyasining 2020 yil 28 maydagi Jondor tumani Pesh­qandoq qishlog‘ida yashagan Ixtiyor Eshmurodovga nisbatan chiqargan ajrimlari davlatimiz rahbarining ana shu fikr­lariga munosib javob bo‘ldi. Ya’ni mazkur ajrimlar natijasida muqaddam — 2009 yilda nohaq sudlangan I. Eshmurodov 11 yil deganda oqlanib, jazoni ijro etish koloniyasidan ozodlikka chiqarildi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, Ixtiyor Eshmurodov qaysi xatti-harakati uchun aybdor deb topilgandi?

Gap shundaki, Ixtiyor Eshmurodov jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2009 yil 3 avgustdagi hukmiga binoan sudlangan.

Mazkur hukmda qayd etilishicha, I. Eshmurodov o‘z hamqishlog‘i Tamara Yulliyevaning juda ko‘p miqdordagi — 10 164 000 so‘m­ga teng bo‘lgan 7 000 AQSh dollarini (2009 yil 29 yanvar kuni 1 AQSh dollari 1 408 so‘m 44 ti­yin teng bo‘lgan) qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan.

Shu maqsadda I. Eshmurodov 2009 yil 29 yanvar kuni kech soat 22:30 da T. Yulliyevaning yotoqxonasiga g‘ayriqonuniy ravishda bostirib kirib, ayolning o‘zi hamda 2000 yilda tug‘ilgan nevarasi, voyaga yetmagan Umriya Hamroyevaga hujum qiladi. Ya’ni avvaliga uxlab yotgan, ojiz ahvoldagi T. Yulliyevani o‘ngida bo‘g‘adi. So‘ngra o‘zi bilan olib kelgan yog‘och tayoq bilan bir necha marotaba uradi.

Keyin voyaga yetmagan Umriyani ham o‘ldirish uchun xuddi shu tarzda ketma-ket zarba beradi. Oqibatda buvi va nabira hushlaridan ketib, yiqilishadi. Bundan foydalangan I. Eshmurodov esa, ikkalasining ustiga yotoqxonadagi ko‘r­pa-to‘shaklarni tashlab, yoqib yuboradi-da, voqea joyidan yashirinadi.

Ammo olovning kuydirishidanmi yoki boshqa sababmi, har holda xonadon sohibasi tezda o‘ziga keladi. So‘ng I. Eshmurodovning chiqib ketganiga ishonch hosil qilgach, qo‘ni-qo‘sh­nilarini yordamga chaqiradi.

Pirovardida ko‘pchilik bo‘­lib yong‘inni bartaraf qilishadi. Aniqrog‘i, «mehmon»ning ji­noya­ti o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetmay qoladi.

Mazkur jinoiy qilmish sodir etilgach, Ixtiyor Eshmurodovga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «a»-bandida ko‘rsatilgan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida bosqinchilik qilish, shuningdek, 25, 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “j”, “i”-bandlarida ko‘zda tutilgan tamagirlik niyatida ikki yoki undan ortiq ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirishga suiqasd qilish ayblari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi esa, o‘zining yuqoridagi hukmi bilan uni 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etadi. Sudning 2009 yil 3 sentyabrdagi apellyasiya ajrimi bilan hukm o‘zgarishsiz qoladi.

Buni qarangki, shundan buyon I. Eshmurodov jazo muddatini o‘tab kelayotgan bo‘lsa-da, vijdoni oldida o‘zini mutlaqo aybsiz deb bilardi. Shuning uchun himoyachisi — Buxoro shahridagi «Adolat mezoni» advokatlik firmasi rahbari Toshtemir Adizov 2019 yil 14 dekabr kuni viloyatda o‘tkazilgan sayyor qabulda uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilovga murojaat qilib, adolatni qaror toptirishda amaliy yordam so‘radi.

Natijada Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2009 yil 3 sentyabrdagi apellyasiya ajrimi bekor qilindi. Jinoyat ishi yangidan apellyasiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborildi.

Sud jarayonida ayon bo‘ldiki, birinchi bosqich sudi jinoyat ishini ko‘rishda Jinoyat-prosessual kodeksi hamda Oliy sud Plenumining tegishli qarori talablariga rioya qilmagan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Ixtiyor Eshmurodov jazo muddatini o‘tayotgani bois sud ishni videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqdi.

— Men hamqishloq bo‘lgani sababli jabrlanuvchi Tamara Yulliyevani ham, oila a’zolarini ham taniyman. Lekin uning uyida sodir etilgan bos­qinchilikka mening mutlaqo daxlim yo‘q. Bu haqda tergov jarayonida xabar topganman. 2009 yil 29 yanvar kuni kechqurun soat 21:00 larda uyimdan yuz metr naridagi qo‘shnim Islom Boqiyevdan DVD disk olib kelib, televizor ko‘rib yotdim. Keyin uxladim. Jinoyat yuz bergan kuni uyda bo‘lganimni boshqa guvohlar ham tasdiqlashi mumkin. Qolaversa, jabrlanuvchi bilan uyimning orasi 3 kilometr keladi. To‘g‘ri, Tamara Yulliyevaning turmush o‘rtog‘i Baxtiyor Yulliyev bilan goh-gohida karta o‘ynab turganmiz. Ammo ularnikida pul borligini bilmaganman. Tergov davrida jinoyatni bo‘ynimga olishimni talab qilib, turli jis­moniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazishdi. Hatto cho‘ntagimga yoki uyimga giyohvandlik vositasini tashlab bo‘lsa ham, qa­mash bilan qo‘rqitishdi. Keyin meni uch sutka qiynab, barmoq izlarimni olishdi. Biroq men bu jinoyatni qilmaganman, vijdonim oldida o‘zimni ayb­siz deb hisoblayman. Shuning uchun adolatli qaror chiqarib, meni oqlashingizni so‘rayman, — deya I. Eshmurodov jazoni ijro etish koloniyasida turgan holda videokonferensiya orqali ko‘rsatma berdi.

Darhaqiqat, sudlanuvchining qo‘shnisi, ayni paytda Rossiya Federasiyasida bo‘lgan Malohat Jumayeva va 2019 yil 2 iyulda vafot etgan Islom Boqiyev birinchi bosqich sudidagi ko‘r­satmalarida o‘sha kecha I. Eshmurodov uyida bo‘lganini tasdiqlashgan.

Buni qarangki, jinoyat ishi hujjatlarida voqea joyini ko‘zdan kechirish 2009 yil 30 yanvar kuni tungi soat 01:20 da, ya’ni voqeadan 3 soatcha o‘tiboq o‘tkazilgani, barmoq izlari uyga kirish eshigining deraza oynasidan olingani qayd etilgan. Ammo o‘sha kecha mahallada chiroq bo‘lmagan.

Shunday ekan, chiroq yo‘qligida ko‘zdan kechirish jarayoni qanday amalga oshirilgani, eshik derazasidagi barmoq izi qorong‘uda qanday olingani ajablanarli emasmi? Qo­laversa, ko‘zdan kechirish jarayoni tunda o‘tkazilgani holda bayonnomaga ilova qilingan suratlar kunduzi olingani qi­ziq.

Bundan tashqari, voqea jo­yi­ni ko‘zdan kechirish jarayonida fuqarolar Zafar Boboyev va Hamro Hamroyev xolis sifatida ishtirok etgani bayonnomada qayd etilgan. Biroq apellyasiya instansiyasida so‘roq qilingan Z. Boboyev ushbu jinoyat haqida ertasi kuni — 2009 yil 30 yanvar kuni soat 09:00 larda eshitganini, xolis sifatida ishtirok etgan yana bir fuqaro H. Hamroyevni tanimasligini, bayonnomadagi hamda tuman IIB boshlig‘i nomiga yozilgan tushuntirish xatidagi imzolar o‘ziniki emasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, jabrlanuvchi T. Yulliyeva dastlabki tergov jarayonida uyiga kirgan shaxs­ni tanimaganligini, u hech qanday pul va boshqa mulklar talab qilmaganligini, o‘sha noma’lum shaxs o‘zini timdalab, tan jarohati yetkazganini ta’kidlagan bo‘l­sa-da, keyin esa, uyiga bostirib kirgan shaxs aynan I. Eshmurodov ekanligi va u shafqatsizlarcha urib, pul topib berishni talab qilganini bildirib, ko‘rsatmalarini bir necha marotaba o‘zgartirgan.

Qonun talabiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganligidan qat’i nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning maqbul emas, demakki, yaroqsiz deb topilishiga olib keladi.

Aytish kerakki, Jinoyat-prosessual kodeksining 463-moddasiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi.

Ayblov hukmiga ji­noyat­ sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarni tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shub­ha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

Ana shu asoslarga tayangan jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining apellyasiya hay’ati sudning 2009 yil 3 avgustdagi hukmini bekor qilib, Ixtiyor Eshmurodovni aybsiz deb topib, oqladi.

Eng muhimi, yuzi yorug‘ bo‘l­gan qahramonimiz Ohangaron shahridagi jazoni ijro etish koloniyasidan darhol ozod qilindi.

Sud ajrimida I. Eshmurodovga jinoiy ta’qib natijasida o‘ziga yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini Jinoyat-prosessual kodeksining 304-313-moddalari tartibida bartaraf qilish huquqi ham tushuntirildi.

Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish zarurki, sudlangan shaxsning oqlanib, jazoni ijro etish muassasasidan ozodlikka chiqishi deyarli uchramaydigan holat. Bu ham bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan yuzaga chiqayotgan adolatning chinakam, to‘laqonli va yorqin ifodasidir.

Abdumannon SHAYDOYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

 Buxoro viloyat sudi

raisining o‘rinbosari,

  Xurshid SULTONOV,

jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!