Toshkent tumanlarida 4 ta yirik ulgurji savdo logistika markazlari quriladi

Toshkent tumanlarida 4 ta yirik ulgurji savdo logistika markazlari quriladi

Shavkat Mirziyoyev: Viloyatning xizmatlar sohasida to‘liq ishga solinmagan yana bir yo‘nalishi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bugungi kunda, Toshkent shahriga kuniga 130 ming tonna yuklar katta hajmli mashinalarda kirib chiqadi. Bu poytaxt ko‘chalarida tirbandlik, yo‘llar sifati va havoning tozaligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu viloyatda logistika xizmatlarini keng yo‘lga qo‘yish uchun katta imkoniyat. Shu bois, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq va Toshkent tumanlarida xususiy investorlar tomonidan yuklarni taqsimlaydigan 4 ta yirik ulgurji savdo logistika markazlari quriladi.

200 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiya hisobiga O‘rta Chirchiq tumanidagi 150 gektar maydonda yirik sanoat parki va logistika markazi barpo etiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va yetkazib berish uchun 60 ming tonna quvvatga ega 2 ta yirik agrologistika majmuasi quriladi. Bular orqali viloyatda ishlab chiqariladigan sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari uchun ham kafolatlangan bozor ta’minlanadi.

Shuningdek, viloyat hududidan o‘tuvchi barcha xalqaro avtomobil yo‘llari atrofida, xorijiy loyihachilarni jalb etgan holda, Yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Bu orqali kelgusi besh yilda kamida 3 mingta loyiha amalga oshiriladi. Eng muhimi, ushbu dastur doirasida yer maydonlari emas, tayyor loyihalar ochiq auksionga chiqariladi.

Boshqa yo‘nalishlarda ham, Tojikiston bilan chegaradosh Bekobod tumanida savdo zonasi, Qozog‘iston bilan chegaradosh Chinoz tumanida erkin sanoat zonasi va Qibray tumanida qurilish materiallari va qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdosi zonasi tashkil etiladi. Umuman, viloyatda xizmatlarning boshqa sohalarida qiymati 7 trillion so‘m bo‘lgan loyihalar amalga oshirilib, 50 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!