Karantin davrida masofadan turib ishlashning ahamiyati har qachongidan ham ortib ketdi. Yangi va nostandart bandlik shakli axborot-kommunikasiya texnologiyalarini bilish bilan bevosita bog‘liq ekanligi sir emas. Internet tarmog‘ining keng rivojlanishi mehnat munosabatlari sohasidagi odamlar uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlarni ochdi.
Aslida masofaviy ish tushunchasi amerikalik olim Djek Nilles tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u 1972 yilda ofisda xodimlarni ushlab turish kerak emas, ular qayerda bo‘lsa ham manfaat keltirishi birlamchidir, degan g‘oyani bildirgan edi. Chunki zamonaviy kommunikasiya vositalari xodimlar o‘rtasidagi aloqani masofadan bo‘lsa ham olib borish imkonini bera boshlagan edi.
O‘z nazariyasini amalda sinab ko‘rish uchun Janubiy Kaliforniya universitetida muvaffaqiyatli tajribalar o‘tkazdi. Uning loyihalari Amerika milliy ilmiy jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.
Hukumat masofadan turib ishlash g‘oyasini rivojlantirishga, uni shaharlarda keskin bo‘lgan transport muammolarining yechimi sifatida ko‘rishga qiziqish bildirdi. Yangi mehnat tashkiloti bu masalalarni yechish barobarida, chekka qishloq hududlari aholisi bandligini ta’minlashi mumkin edi.
AQShda hozirgi vaqtda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning deyarli uchdan bir qismi, kompaniyalarning esa 60 foizi ish bilan bandlikning noan’anaviy ya’ni moslashuvchan shakllari bilan qamrab olinganki, bu qulay vaziyat bugungi inqiroz sharoitida juda qo‘l kelmoqda.
Ishlab chiqarish va xizmat binosini ijaraga olish katta xarajat talab qilayotgan hozirgi paytda korxona va tashkilotlarda funksiyalarning bir qismini masofada turib ishlashga o‘tkazish salmoqli mablag‘larni tejash, raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi.
Masofadan ishlash davlat organlarida, tashkilot va kompaniyalarda qog‘oz va hujjat yozishmalari xarajatlarini 67 foizga, jamoat transporti vositalari sarfini 5 foizga, mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi xarajatlarini 14 foizga va jamoat transport vositalari xarajatlarini 5 foizga kamaytirar ekan.
AQShda kichkina korxonalar masofadan ishlash hisobiga har yili 10 ming dollardan ortiq mablag‘ tejab qolmoqda.
Rivojlangan mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida bugungi kunda masofadan turib mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan asosan oliy ta’limga ega 26-42 yosh o‘rtasidagi kishilar shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shu jumladan, agar masofada turib ishlayotgan xodimlarning 45 foizi kichik va o‘rta biznes sohasi hissasiga to‘g‘ri kelsa, yirik kompaniyalarda bu ko‘rsatkich 29 foizni tashkil qilmoqda. Masofaviy ish turlari esa so‘nggi 15 yilda 11 marotabaga ko‘paygan.
Nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Bunday formatdagi ishni boshlayotgan xodimlar uchun jiddiy sinov. Ular kutilgan natijaga erishishlari uchun jarayonni puxta o‘zlashtirib olishlari kerak. Chunki bir nafar xodim tomonidan qoidalarga rioya qilinmasligi jamoadan zanjir uzilishiga va ishning to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.
Masofadan turib ishlashda avval diqqatni jamlagan holda, alohida uy sharoiti bo‘lishi, chalg‘ituvchi narsalardan holi muhit yaratilishi muhim. Masalan uyda muzlatgich, televizor, uy hayvoni yoki qilinishi zarur bo‘lgan uy yumushlari bo‘lsa, chalg‘imaslik mumkin emas.
Hammasiga ulgurish uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlab olish, ayrim uy ishlarini tushlik vaqtidan unumli foydalangan holda bajarib olish mumkin. Masofadan ishlash jarayonida asosiy muvofiqlashtiruvchi bilan yaqin amaliy muloqotni o‘rnatish, uyda o‘zingiz uchun har tomonlama qulay bo‘lgan, shu bilan birga ishxona rahbariyati bilan bog‘lanish uchun maqbul bo‘lgan kiyimni kiyish, tez-tez qisqa muddatlarda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanib borish nihoyatda dolzarbdir.
Chunki uy sharoitida bir joyda o‘tirish, harakatsizlik salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, vaziyatni to‘liq nazoratga olish shart.
Murakkab sharoitda bu nima beradi?
Murakkab sharoitlarda, epidemiologik vaziyatlar kuchayganda, favqulodda vaziyatlarda masofadan turib ishlash ko‘p jihatdan foydalidir. Bu iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlaydi, ishchining daromadlari kamayib ketmasligining va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yaxshi vositasi hamdir. Ta’lim olish jarayonlarining ham barqaror davom etishiga hissa qo‘shadi.
O‘zbekistonda ham hozirda umumta’lim maktablarning 6,1 million nafar o‘quvchilari masofadan turib onlayn-saboqlar olayotganini fikrimizni tasdiqlaydi.
Taniqli olim Gerbert Uellsning ta’kidlashicha, insoniyat hayoti davomida Yerda yashash uchun moslashib borgan. Korporativ dunyo bilan ham xuddi shu narsa ro‘y beradi: biznes va virusning girdobli harakati davrida ham samarali yechim topish va qulay sharoitlarda yashashda davom etish asosiy vazifa bo‘lib qolaveradi.
Nargiza ABDURAHMANOVA