Yoshlar — kelajagimiz! Ularni jinoyat botqog‘iga botirmaylik

Yoshlar — kelajagimiz! Ularni jinoyat botqog‘iga botirmaylik

Jinoyatchilikka qarshi kurashish har bir davlatning muhim va asosiy vazifasi hisoblanadi. Inson tinch va xotirjam yashashni xohlaydi. Tinchlik bo‘lgan joyda baraka va rivojlanish bo‘ladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishning ta’sirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘plab muhim masalalar qatori yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan berib borilayotgan axborotlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bugun yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sirasiga – o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik kiradi. Bularning esa tag-zaminida mulkiy manfaatdorlik yotadi. Mulkiy muammolarni – birovlarning burnini qonatish hisobiga hal etishga intilish esa kishining ma’naviy qashshoqligini anglatadi.
Mamlakatimizda jinoyatchilik va uni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda yoshlarning jinoyatchilik yo‘liga o‘tishlarining oldini olishga katta e’tibor qaratilyapti.
Tadqiqotlar natijasida yoshlar huquqbuzarliklarining oldini olishning tashkiliy va huquqiy choralarini belgilash va hal etishda bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Xususan, ota-onalar tomonidan farzandlarining ta’lim muassasalarida ta’lim olishini pedagogik nazorat qilish darajasi juda sust. Shu bilan birga qishloq joylarida ta’lim muassasalarining yetarli emasligi, yoshlar (18-30 yosh) bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarining mas’ullik darajasini belgilovchi va ularga majburiyat yuklovchi qonun normalarining yagona tizimi mavjud emasligi shular jumlasidandir.
Jamiyatdagi barcha nojo‘ya holatlar, jumladan, oiladagi notinchlik, ta’lim muassasalari ishidagi va boshqa sohalardagi kamchiliklar yoshlarning normal rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarning 62,2 foizi bo‘sh vaqtlarini ko‘chada o‘tkazishadi.
Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun, avvalambor, axborot-tahlil ishlarini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu bilan yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatchilikning umumiy holati, miqyosi, tarkibi, tabiati va dinamikasi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
Shuningdek, yoshlar huquqbuzarliklarini baholashda ularning yuzaga kelishiga ta’sir etuvchi omillarni inobatga olish, u yoki bu hududda ma’lum bir turdagi, ayniqsa, og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi jinoyatlarning sabablarini tahlil etish muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi statistik ma’lumotlarga qaraganda, yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish 2018 yil mobaynida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat sodir etish esa 17 foizga kamaygan. Biroq, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning saqlanib turganligi barchamizni befarq qoldirmasligi lozim.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish – butun jamiyatning vazifasi. Tadqiqotlar aksariyat jinoyatchilarning shaxsi dastlab tarbiyasizlik oqibatida shakllanishini ko‘rsatmoqda. Tarbiyasi og‘ir o‘smir – axloqan tuzatish va qayta tarbiyalashga muhtoj bo‘lgan shaxsdir. Uni axloqan tuzatish va tarbiyalash jinoyatchiga aylanishining oldini olish, shuningdek, jamiyat bilan normal aloqalarini tiklash, unda faol hayotiy pozisiyani shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.

Agar jinoyatlarni profilaktika qilishning ixtisoslashmagan sub’ektlari zararli ta’sir manbalarini bartaraf etish choralarini o‘z vaqtida ko‘rmasalar, tarbiyasi og‘ir o‘smirlar pedagogik va ijtimoiy beqarorlikning navbatdagi bosqichiga o‘tadilar. Agar o‘smir birinchi noo‘rin harakati (huquqbuzarligi) uchun jazo olmasa, unda qonun talablariga bepisandlik, atrofdagilar fikri bilan hisoblashmaslik odati rivojlanadi.
Yoshlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlarining profilaktik ta’siri doirasiga asosan huquqbuzarlik sodir etganidan keyin tushishlari ular o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi muhim muammolardan biridir. Yoshlarning g‘ayriijtimoiy moyilligini dastlabki bosqichda profilaktika qilishga nisbatan yuzaki yondashish hollari ham uchrab turadi.
O‘ziga xos profilaktika choralaridan biri huquqbuzarlik sodir etayotgan yoshlarning ota-onalarini (homiy yoki vasiylarini) g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan rasman ogohlantirishdir.
Ota-onalarning bolalar tarbiyasiga mas’ulligi Konstitusiyamizning 64-moddasida qayd etilgan. Unga ko‘ra ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Biroq so‘nggi paytda ota-onalar orasida farzandning tarbiyasiga o‘quv muassasasi javobgar degan fikr avj olmoqda. Vaholanki, farzandning tarbiyasi birinchi o‘rinda ota-onasi uchun muhim. Voyaga yetmaganlar va yoshlar huquqbuzarliklarining oldini olishda ota-onalarning ishtiroki tahlil qilinganda, ota-onalarning 42,8 foizi farzandlari tarbiyasiga e’tiborsiz ekanligi,
48,7 foizi bolalarini yetarli darajada tarbiyalay olmasliklari aniqlandi.
Farzand niholga o‘xshaydi. Uni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda albatta oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. O‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lgan bola jinoyat ko‘chasiga qadam bosmaydi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etishi, burchini sidqidildan bajarishi lozim.

Z.Hamdamov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman Sudi sudya yordamchisi


16:09 20.04.2020
Фикрлар ёпилди